Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 587,2 mln so‘mlik tenderi bekor qilindi

eʼlon qilindi
Savdolarda raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlangan
Davlat xaridlari
Foto: ilixe48/Depositphotos

Raqobat qo‘mitasi so‘rovi bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi buyurtmachiligidagi 587,2 mln so‘mlik tanlash savdosi bekor qilindi. Qo‘mita o‘rganishida savdolarda raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Bir manzil, bir telefon — bitta tender» nomli tanqidiy maqola e’lon qilingach, Raqobat qo‘mitasi holatni o‘rgandi.

Gap Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi buyurtmachiligida 2026-yil 27-iyul kuni markazlashgan tadbirlarni o‘tkazib berish xizmati bo‘yicha tashkil etilgan tanlash savdosi haqida bormoqda. Uning boshlang‘ich narxi 587,2 mln so‘m bo‘lgan.

Raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlangan

Qo‘mita o‘rganishiga ko‘ra, vazirlik tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmagan.

Xususan, savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangani ma’lum qilindi.

Aniqlangan holatlardan so‘ng Raqobat qo‘mitasi qonunchilik talablariga amal qilish bo‘yicha so‘rov yuborgan. Shu so‘rov asosida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlash savdosi belgilangan tartibda bekor qilindi.

Qo‘mita bu davlat mablag‘lari shaffof sarflanishiga xizmat qilishini aytdi

Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, bunday qonunbuzilishlarning oldini olish davlat mablag‘larining samarali va shaffof sarflanishini ta’minlaydi.

Shuningdek, bu tadbirkorlar uchun ochiq va adolatli raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarliklar aniqlangani haqida xabar berilgandi. Mazkur holat qo‘mitaning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan «Quyuv-mexanika zavodi» aksiyadorlik jamiyati o‘tkazgan tender savdolarini o‘rganish jarayonida aniqlangan.

Shuningdek