Yakkasaroyda beshta bino ruxsatsiz qurilgani aniqlandi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida turar joyni o‘zboshimchalik bilan buzish va qurilish ruxsatisiz beshta bino barpo etish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.
Joriy yilning 2-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Damariq mahallasi, Abdulla Qahhor ko‘chasidagi 19-uyda yashovchi fuqarolarga kompensatsiya pullari to‘liq berilmagani va uy noqonuniy buzilayotgani aks etgan videolavha tarqalgan edi.
Aslida nima bo‘lgan

Tergovga qadar tekshiruv davomida MChJ mansabdor shaxslari fuqarolarni majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmaganiga qaramay, mazkur uyni o‘zboshimchalik bilan buzib tashlagani aniqlangan.
Shuningdek, kompaniya tegishli qurilish ruxsatnomasini olmasdan hududda bitta 20 qavatli, ikkita 19 qavatli, bitta 12 qavatli hamda bitta ikki qavatli turar joy binosini qurgani ma’lum bo‘lgan.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, MChJ mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi tergovi alohida nazoratga olingan.
Avvalroq «Kursiv» Salar kanalini ifloslantirgan MChJ 2,2 mlrd so‘m to‘lashi haqida yozgan edi.