Toshkentda 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi

eʼlon qilindi
Asos sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdimnomasi keltirilgan
Aniqlangan kamchiliklar ortidan 19 nafar xodim lavozimidan ozod etildi
Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtdagi 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha farmoyish imzoladi. Tekshiruv Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 22-iyuldagi taqdimnomasida keltirilgan holatlarni o‘rganish maqsadida tayinlangan.

Farmoyishga ko‘ra, xizmat tekshiruvi Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod va Yashnobod tumanlari hokimlariga nisbatan o‘tkaziladi.

Hujjatda poytaxtning ikki tumani — Yakkasaroy va Yangihayot tumanlari ko‘rsatilmagan.

Asos sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdimnomasi keltirilgan

Xizmat tekshiruvini o‘tkazishga «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonun, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun, Mehnat kodeksi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2026-yil 22-iyuldagi taqdimnomasi asos bo‘lgan.

Komissiyaga taqdimnomada qayd etilgan vajlarni xolis va sifatli o‘rganish, natijalar bo‘yicha tegishli xulosalarni rasmiylashtirish topshirilgan.

Maxsus komissiya tuzildi

Farmoyish bilan xizmat tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasi tarkibi tasdiqlangan.

Komissiyaga Toshkent shahar hokimligining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati boshlig‘i Shuhrat Turdiqulov raislik qiladi. Tarkibga shahar hokimligi devoni, tashkiliy-kadrlar guruhi, yuridik boshqarma va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi vakillari kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Andijon viloyatlarida yangi tayinlovlar amalga oshirilgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Andijon viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Abdusattor Otabayev tayinlandi. U mazkur tayinlovga qadar harbiy qismlarda xizmat qilgan.

Shuningdek