Javohir Sindarov Osiyoning barcha kuchli shaxmatchilarini ortda qoldirdi

4-avgust 2026 15:04 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Javohir Sindarov FIDE reytingida 4-o‘rinni egalladi
Foto: Instagram/ Sindarov

Xalqaro shaxmat federatsiyasi 2026-yil avgust oyi uchun dunyoning eng kuchli shaxmatchilari reytingini e’lon qildi. O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 2 777 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Reytingda kimlar yetakchi

U ayni paytda O‘zbekiston va Osiyoning faol shaxmatchilari orasida eng yuqori o‘rinni egallab turibdi. Jahon reytingida norvegiyalik Magnus Karlsen 2823 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni 2792 ochkodan jamg‘argan amerikalik Fabiano Karuana hamda Hikaru Nakamura egalladi. Sindarov ulardan 15 ochko ortda qolmoqda. Beshinchi pog‘onadagi germaniyalik Vinsent Keymerning hisobida 2767 ochko bor, bu Sindarovnikidan o‘n ochko kam.

Ekran tasviri: fide.com

Avgust oyidagi yangilanishda Javohir Sindarovning reytingi 2777 ochkoligicha qoldi. U 2026-yil may oyida Nomzodlar turniridagi g‘alabasi evaziga birdaniga 31 ochko qo‘lga kiritib, ilk bor dunyoning eng kuchli besh shaxmatchisi qatoriga kirgan edi.

Sindarov 2026-yilda Kiprda o‘tkazilgan FIDE Nomzodlar turnirida muddatidan avval g‘alaba qozonib, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi shaxmat toji uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi. Jahon chempionligi uchrashuvi 25-noyabrdan 15-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadi. Bellashuv 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘lib, birinchi bo‘lib 7,5 ochko jamg‘argan shaxmatchi jahon chempioni bo‘ladi.

Sindarov haqida

Javohir Sindarov 2005-yil 8-dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2018-yilda, 12 yosh-u 10 oyligida grossmeysterlik talablarini bajargan va o‘sha paytda shaxmat tarixidagi ikkinchi eng yosh grossmeysterga aylangan. Sindarov 2019 va 2021-yillarda O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan.

U O‘zbekiston terma jamoasi safida 2022-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Sindarovning faoliyatidagi navbatdagi katta muvaffaqiyat 2025-yilda Hindistonning Goa shahrida o‘tkazilgan FIDE Jahon kubogida qayd etildi. U finalda xitoylik Vey Ini mag‘lub etib, musobaqa tarixidagi eng yosh chempion bo‘ldi va Nomzodlar turniriga yo‘llanma oldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Bibisara Assaubayeva FIDE reytingida 5-o‘rinda qolgani haqida yozgan edi.

Shuningdek