Donald Tramp AQSh eksporti 200 mlrd dollardan oshganini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatdagi hozirgi iqtisodiy vaziyatni «Amerikaning oltin davri» deb atadi. U Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Qo‘shma Shtatlar hali bu davrning boshlanishida ekanini va eng katta g‘alabalar oldinda turganini ta’kidladi.
«AQSh tovarlari eksporti ketma-ket beshinchi oy davomida $200 mlrddan oshdi va biz bu yil qariyb 2,5 trillion dollarga yetish yo’lida turibmiz — bu raqamlar atigi ikki yil oldin hech kim mumkin deb o’ylamagan edi», — dedi Tramp.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda ishlab chiqarish rivojlanmoqda, zavodlar faolligi esa to‘rt yildan ortiq davrdagi eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi. Iyul oyida AQSh ishlab chiqarish sanoatidagi ISM indeksi 53,3 dan 55,6 punktgacha ko‘tarilib, bozor kutilmalaridan yuqori natija qayd etdi. Bandlik ko‘rsatkichi ham qariyb uch yillik tanaffusdan so‘ng o‘sish hududiga qaytdi.
Bozor qanday o‘zgarmoqda
AQSh Iqtisodiy tahlil byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida tovarlar eksporti $206,9 mlrdni tashkil etdi. Fevraldan iyungacha bo‘lgan har bir oyda ko‘rsatkich $200 mlrddan yuqori bo‘lgan.
Tramp yil yakuniga qadar AQSh tovarlari eksporti qariyb $2,5 trlnni tashkil etishini kutmoqda. Shuningdek, uning ta’kidlashicha, mamlakatga trillionlab dollarlik yangi investitsiyalar kirib kelmoqda, yangi zavodlar, qurilish loyihalari va yuqori maoshli ish o‘rinlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp Eron bilan muzokaralar boshlanganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.