
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jamoa ichida ma’lumotlarni sizdirayotgan «kalamush» bo‘lishi mumkinligi haqida gapirdi. Shuningdek, italiyalik mutaxassis o‘zining yillik maoshi atrofidagi mish-mishlarga munosabat bildirdi.
Kannavaro terma jamoa atrofida sun’iy ravishda ko‘paytirilayotgan noto‘g‘ri ma’lumotlar haqida to‘xtalib, buning sabablarini quyidagicha izohladi:
«Men xorijlik murabbiy bo‘lganim uchun shekilli juda ko‘p yolg‘on ma’lumotlar chiqdi. Balki terma jamoa ichida «kalamush» bo‘lgani uchun shunday bo‘lgandir», — dedi Kannavaro.

Shuningdek, u Jahon chempionatidan so‘ng darhol Italiyaga jo‘nab ketgani haqidagi e’tirozlarga ham javob qaytardi:
«Meni Jahon chempionatidan keyin darhol Italiyaga dam olgani ketdi, degan gaplar tarqaldi. Lekin aslida O‘zbekiston Superligasida tanaffus bo‘lgani uchungina vatanimga borib keldim».
Fabio Kannavaro O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi moliyaviy holati bo‘yicha ham ochiq gapirdi. Italiyalik mutaxassis yillik maoshi 4 mln yevro degan mish-mishlarni qat’iyan rad etdi. Uning ta’kidlashicha, shtabidagi ayrim murabbiylarga hatto o‘z cho‘ntagidan maosh to‘lab kelmoqda.

«Maoshim 4 mln yevro emas. Murabbiylar shtabidagi ayrim mutaxassislar uchun o‘z yonimdan pul to‘layman. Hujumchilar murabbiyi Rolando Byanki esa tekinga yordam berishga kelgan», — deydi Kannavaro.
Avvalroq Kursiv nashri Ronalduning to‘yida mehmonlar qanday libosda bo‘lishi haqida xabar bergan edi.