Endi har yili «Imkoniyatlar olimpiadasi» tanlovi o‘tkaziladi

O‘zbekistonda har yili «Imkoniyatlar olimpiadasi» tanlovi tashkil etiladi. Adliya vazirligiga ko‘ra, tanlov g‘olib va sovrindorlariga BHMning 15 baravaridan (6,2 mln so‘mdan) 30 baravarigacha (12,4 mln so‘mdan) bir martalik pul mukofoti beriladi.
«O‘sish va rivojlanish» tanlovi ham yo‘lga qo‘yiladi
Har yili «O‘sish va rivojlanish» tanlovi ham o‘tkaziladi. Ushbu tanlov g‘oliblariga BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha grant ajratiladi. Shuningdek, ularning loyihalarini barqaror rivojlantirish uchun ko‘ngilli maslahatchi-mentorlar orqali maslahat va hamrohlik xizmatlari ko‘rsatiladi.
Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun pedagoglar tayyorlanadi
2027/2028-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlarida maqsadli qabul asosida yangi yo‘nalish yo‘lga qo‘yiladi.
Unda eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga xorijiy tillarni o‘rgatadigan o‘qituvchi-pedagoglar tayyorlanadi.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari maxsus pedagogikani chuqurroq o‘rganadi
Oliy ta’lim tashkilotlarida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiyotgan talabalar maxsus pedagogika fanlarini chuqurlashtirilgan dasturlar asosida o‘rganadi.
Maxsus pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari esa tegishli agentlik bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Maxsus pedagoglar malakasi oshiriladi
2026-yil 1-sentabrdan boshlab maxsus pedagoglarning malaka oshirish kurslari onlayn yoki oflayn shaklda tashkil etiladi.
Ushbu kurslar tegishli agentlik bilan kelishilgan o‘quv reja va dasturlar asosida o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun «oilabay» ishlash tizimi joriy etilishi haqida xabar qilingandi. Yangi tartibga ko‘ra, ijtimoiy xodim ota-onaga bolani ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb qilishda yordam beradi.