AQShning 25 shtati Tramp tariflarini sudga berdi

eʼlon qilindi
Yangi import bojlari 10 foizdan 12,5 foizgacha belgilangan
AQShning 25 shtati Tramp tariflarini sudga berdi
Foto: aljazeera.com

AQShning 25 shtatidan iborat koalitsiya prezident Donald Tramp ma’muriyati ustidan sudga murojaat qildi. Da’vogarlar iyul oyida 59 ta mamlakat va Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan mahsulotlarga joriy etilgan yangi bojlarni noqonuniy deb hisoblamoqda.

Tariflar AQSh importining 99 foizini qamrab oladi

Yangi import bojlari 10 foizdan 12,5 foizgacha belgilangan. Oq uy ularni 1974-yildagi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 301-moddasiga asoslanib joriy qilgan.

Tramp ma’muriyatining bildirishicha, bojlar majburiy mehnat yordamida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qarshi yetarlicha kurashmayotgan davlatlarga nisbatan qo‘llanmoqda. Mazkur tariflar AQShga olib kiriladigan mahsulotlarning qariyb 99 foizini qamrab olishi aytilgan.

Shtatlar bojlarni noqonuniy soliq deb atadi

Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Jeyms va boshqa 24 shtat vakillari yangi tariflarni amerikalik oilalar hamda biznes zimmasidagi soliq yukini noqonuniy ravishda oshirishga urinish deb baholamoqda.

Jamoaviy da’voga Nyu-York, Kaliforniya, Illinoys, Pensilvaniya, Vashington, Michigan va yana 19 ta shtat qo‘shilgan.

Da’vogarlar 2026-yil fevralida AQSh Oliy sudi Tramp ma’muriyati tomonidan avval joriy etilgan ayrim bojlarni Konstitutsiyaga zid deb topganini ham eslatdi.

Kichik biznes ham sudga murojaat qilgan

Iyul oyida kichik biznes vakillari ham AQSh Xalqaro savdo sudiga alohida da’vo kiritgan edi. Ularning fikricha, Oq uy tariflar qo‘llangan 59 ta mamlakatning har biri majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha qoidalarni buzganini tasdiqlovchi yetarli dalillarni taqdim etmagan.

Endilikda sud Tramp ma’muriyati Savdo to‘g‘risidagi qonunning 301-moddasidan yangi bojlarni joriy etishda qonuniy foydalangan yoki foydalanmaganini ko‘rib chiqadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri AQSh ma’muriyati Braziliya elchisining vizasini bekor qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek