Yangi kelishuv: Hormuz bo‘g‘ozi 60 kunga qayta ochiladimi

eʼlon qilindi
Kelishuv 60 kun davomida tijoriy kemalardan o‘tish uchun to‘lov olinmasligini nazarda tutadi
Oqlanmagan kelishuv: Hormuz bo‘g‘ozi qayta ochiladimi
Foto: Venti Views / unsplash

AQSh, Eron va Omon Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini tiklash bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga yaqinlashgani aytilmoqda. Axios ma’lumotiga ko‘ra, kelishuv 60 kun davomida tijoriy kemalardan o‘tish uchun to‘lov olinmasligini nazarda tutadi.

Kelishuv yaqin kunlarda e’lon qilinishi mumkin

Axios manbalariga ko‘ra, AQSh dastlabki kelishuv haqida 5-avgust kuni e’lon qilishi mumkin.

Donald Tramp ham jurnalistlar savoliga javoban bunday kelishuv «ertaga yoki indinga» bo‘lishi mumkinligini aytgan. U Eron bilan muzokaralar «juda yaxshi» ketayotganini bildirgan.

Kemalar harakati ikki yo‘nalishda tashkil etiladi

Muhokama qilinayotgan rejaga ko‘ra, Fors ko‘rfaziga kirayotgan kemalar Hormuz bo‘g‘ozining shimoliy yo‘nalishi orqali, ya’ni Eron hududiy suvlari orqali harakatlanadi.

Bo‘g‘ozdan chiqayotgan kemalar esa janubiy yo‘nalishdan, Omon suvlari orqali va Eron bilan muvofiqlashtirilgan holda o‘tadi.

60 kun davomida to‘lov olinmaydi

Kelishuvning asosiy shartlaridan biri — 60 kun davomida Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tuvchi tijoriy kemalardan yo‘l haqi yoki boshqa yig‘imlar undirilmaydi.

Shuningdek, tomonlar kelishuvdan keyin 30 kun ichida bo‘g‘ozni minalardan tozalash ishlarini boshlashi kerak.

Reja hali yakuniy emas

Axios manbalariga ko‘ra, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi dam olish kunlari ushbu shartlarga umumiy rozilik bildirgan.

Biroq reja Eronning yuqori rahbariyati va Milliy xavfsizlik oliy kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerakligi aytilgan. Keyinroq manbalar Eron rahbariyati vaqtinchalik kelishuvni tasdiqlaganini bildirgan.

Neft narxlari pasaydi

5-avgust kuni Brent nefti bir barrel uchun $80–81 atrofida savdo qilindi. WTI narxi esa taxminan $76 bo‘ldi.

Avvalroq kotirovkalar iyul o‘rtalaridan beri eng past darajalarga — Brent bo‘yicha $78,1 va WTI bo‘yicha $74,2 gacha tushgan. Bozorlar AQSh va Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha kelishuvga erishishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida AQSh va Eron o‘rtasida sulh muddatini uzaytirish bo‘yicha kelishuv imzolangandi. Bunda yakuniy kelishuv uchun 60 kun berilib, Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish ham ko‘zda tutilgandi.

Ammo kelishuv e’lon qilinganiga ko‘p bo‘lmasdan ikki davlat o‘rtasida yana hujumlar boshlandi. So‘ng Eron Hormuz bo‘g‘ozidan «bir tomchi ham» neft o‘tkazmaslikka va’da bergandi.

Shuningdek