Sindarov Sent Luis rapidini mag‘lubiyatsiz yakunlab, ikkinchi o‘rinni egalladi

5-avgust 2026 19:55 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Javohir Sindarov Nomzodlar turnirini mag‘lubiyatsiz yakunladi
Foto: Olamsport

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov AQShda o‘tayotgan nufuzli Saint Louis Rapid & Blitz 2026 turnirining rapid bahslarini 11 ochko bilan ikkinchi o‘rinda yakunladi.

U to‘qqizta partiyaning birortasida ham mag‘lub bo‘lmadi va chempionlik uchun kurashni blits bosqichida davom ettiradi.

Rapid bahslari mag‘lubiyatsiz yakunlandi

Grand Chess Tour seriyasi doirasidagi musobaqaning rapid qismida Sindarov ikki g‘alaba va yetti durang qayd etib, jami 11 ochko to‘pladi. Natijada u 12 ochko jamg‘argan hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxadan atigi bir ochkoga ortda qolib, ikkinchi pog‘onani egalladi. Kuchli uchlikni 10 ochko bilan amerikalik Uesli So yakunladi.

Qiyin vaziyatlardan ochko olib chiqdi

Musobaqa davomida Sindarov Anish Giri, Fabiano Karuana, Levon Aronyan va Pragnanandxa kabi kuchli grossmeysterlarga qarshi o‘ynadi. Ayrim partiyalarda murakkab vaziyatga tushganiga qaramay, u aniq himoya orqali mag‘lubiyatdan qutuldi. Rapidning so‘nggi kunida esa amerikalik Avonder Lyanni mag‘lub etib, ikkinchi o‘rinni mustahkamladi.

Endi navbat blits bahslariga

Turnir 6-avgustga qadar blits o‘yinlari bilan davom etadi. Ishtirokchilar ikki aylanma tizimda jami 18 ta partiya o‘tkazadi. Rapid natijalaridan so‘ng Sindarov peshqadamdan atigi bir ochko ortda bormoqda va blits bosqichida umumiy g‘alaba uchun kurashni davom ettirish imkoniyatini saqlab qolgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindarov Osiyoning barcha kuchli shaxmatchilarini ortda qoldirgani haqida yozgandi.

Shuningdek