Google Assistant 4-sentabrdan boshlab smartfonlarda bosqichma-bosqich o‘chiriladi

5-avgust 2026 20:34 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Google Assistant 4-sentabrdan boshlab smartfonlarda bosqichma-bosqich o‘chiriladi
Foto: Google

Google 2026-yil 4-sentabrdan boshlab smartfon va boshqa qurilmalarda Google Assistant’ni bosqichma-bosqich Gemini sun’iy intellekt yordamchisi bilan almashtirishni boshlaydi. Bu haqda Android Authority nashri xabar berdi.

O‘tish jarayoni bir necha hafta davom etadi.

Dastlab qaysi qurilmalar yangilanadi

Kompaniya foydalanuvchilarga yuborgan xabarlarga ko‘ra, o‘zgarishlar avvalo Android smartfonlari, Wear OS operatsion tizimidagi aqlli soatlar hamda mos simsiz quloqchinlarni qamrab oladi. Shuningdek, Android Auto tizimi ham Gemini’ga o‘tkaziladi.

Biroq Google xizmatlari o‘rnatilgan avtomobillar, aqlli kolonka va displeylar hamda Google Assistant’ni qo‘llab-quvvatlovchi boshqa qurilmalar hozircha avvalgi tartibda ishlashda davom etadi.

Gemini asosiy yordamchiga aylanadi

Migratsiya yakunlangach, Android qurilmalarida ovozli buyruq yoki quvvat tugmasini bosib ushlab turish orqali yordamchini chaqirish tartibi o‘zgarmaydi. Ammo foydalanuvchilar uchun endi Google Assistant o‘rniga Gemini ishga tushadi.

Google dastlab ushbu o‘zgarishni 2026-yil boshida yakunlashni rejalashtirgan edi. Keyinchalik muddat uzaytirildi. Shu vaqt ichida Gemini tabiiy nutqni yaxshiroq tushunish va kundalik vazifalarni samaraliroq bajarish imkoniyatlari bilan takomillashtirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google $100 lik Google Home smart kolonkasini taqdim etgani haqida yozgandi.

Shuningdek