«Sharmandali mahalla» va «Uyatli xondon»: Chinoz hokimi «yangicha» tashabbus joriy qildi

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida obodonlashtirish qoidalariga amal qilmagan xonadonlar «Uyatli xonadon», hududi tartibsiz mahallalar esa «Sharmandali mahalla» deya belgilanishi rejalashtirilmoqda. Bu tashabbus haqida tuman hokimi Sherzod Salixov yig‘ilishda so’z ochdi.
«Hammasini Zoir Mirzayev nazorat qiladi»
Yig‘ilishda aytilishicha, nazorat ishlari Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning yo‘l bo‘yidagi mahallalarning sanitariya va obodonlashtirish holatini o‘rganish yuzasidan bergan topshirig‘i ijrosi doirasida olib borilmoqda.
Dastlabki o‘rganishlar davomida Chinoz tumanidagi «Birlik» tayanch mahallasida qator kamchiliklar aniqlangan. Xususan, o‘t-o‘lanlar o‘z vaqtida o‘rilmagani, ayrim hududlarda esa yig‘ishtirish ishlari yakunlanmagani qayd etilgan. Hokim «Birlik» mahallasiga «Sharmandali mahalla» nomini berish kerakligi va bugunoq xalq ko’radigan joyga bannerlar osilishi kerakligini aytgan.
Talabni bajarmagan xonadonlarga «Uyatli xonadon» belgisi qo‘yiladi
40 nafar mas’ul uyma-uy nazorat olib boradi
Yig‘ilish yakunida 40 nafar korxona va tashkilot rahbariga mahalla raislari bilan birgalikda xonadonlarni uyma-uy ko‘zdan kechirish vazifasi yuklatilgan.
Nazorat davomida darvoza va devorlarning holati, hovli hamda tomorqalarning ozodaligi, shuningdek, ko‘cha bo‘yiga rayhon yoki gul ekilgani tekshiriladi. Mahalla raislarining o‘z xonadonlari ham birinchi navbatda nazorat qilinib, natijalar fotohisobot bilan rasmiylashtiriladi.
Kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir kun muddat
Bundan tashqari, mahalla mas’ullariga har kuni ertalab hasharlar tashkil etish, ko‘cha va ariqlarni chiqindilardan tozalash, daraxt ekish hamda tomorqalarda takroriy, yuqori daromadli ekinlar yetishtirilishini nazorat qilish topshirildi.
«Ikkinchi qaynona» yoxud hokimlarning qilishga ishi qolmadimi?
Hokimlarning bu kabi uyma-uy yurib nazorat qilishi oxirgi paytlar ommalashib ketdi. Yaqindagina Shahrisabz tumani hokimi fuqaroga uy yig’ishtirish bo’yicha «qaynonalik» darsini o’tib bergani uchun malomatga qolgandi.
Voqea qanday bo’lgan?
Videotasvirda tuman hokimi xonadonga kirib, uy egasiga yashash joyini qanday tutish kerakligini uqtirgani, uyning sanitariya holatini tanqid qilib, ayolni sazoyi qilish maqsadida videotasvir mahallaning Telegram guruhiga tashlanishini aytgani ko‘rinadi. Shuningdek, hokim xonadondagi sharoitni o‘z ro‘zg‘ori bilan solishtirgan va bu uydan hech kim kelin olmasligini ta’kidlagan.
Avvalroq Kursiv nashri Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev yo‘llardagi tirbandliklarda «Damaslar»ni ayblagani haqida xabar bergan edi.