Yangi qonun: pulli yo‘l ochilishi uchun bepul muqobil yo‘l bo‘lishi shart

eʼlon qilindi
Og‘ir yuk mashinalari uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinadi
Foto: TASS

O‘zbekistonda pulli avtomobil yo‘llarini tashkil etish faqat shu yo‘nalishda foydalanishga yaroqli bepul muqobil yo‘l mavjud bo‘lganda mumkin bo‘ladi. Qonunga ko‘ra, bunday qaror prezident yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.

Ya’ni pulli yo‘l rejalashtirilayotgan hududlar o‘rtasida foydalanishga yaroqli va tegishli holatdagi bepul avtomobil yo‘li ham bo‘lishi kerak.

Avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash ishlari ushbu yo‘llarning egalari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda zaruratga qarab ixtisoslashgan yo‘l tashkilotlari ham jalb etilishi mumkin.

Og‘ir yuk mashinalari uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinadi

Yirik gabaritli va og‘ir vaznli transport vositalarining avtomobil yo‘llarida harakatlanishi faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.

Bunday ruxsatnoma maxsus vakolatli organ yoki uning tizimidagi idoralar tomonidan beriladi.

Pulli yo‘ldan foydalanish shartnoma asosida bo‘ladi

Haydovchi pulli yo‘ldan foydalanish uchun operator bilan ommaviy shartnoma tuzgan hisoblanadi.

Bu pulli avtomobil yo‘liga kirish, to‘lov punktida haq to‘lash yoki yo‘l talonini sotib olish orqali amalga oshiriladi.

To‘lov yuqori servis sharti bilan joriy etiladi

Pulli avtomobil yo‘lida haq undirish uchun yo‘lda yuqori tezlik rejimi va butun yo‘nalish bo‘ylab yuqori darajadagi servis xizmati ta’minlanishi kerak.

Qonun ushbu yo‘llardan foydalanish, to‘lov tartibi va xizmat sifatiga oid asosiy talablarni belgilaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urganch va Xiva o‘rtasida qurilayotgan O‘zbekistondagi ilk pulli avtomobil yo‘lini 2026-yil avgust oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Loyiha qiymati $120 mlnni tashkil etadi.

Shuningdek