Oltita MChJ 42,5 mlrd so‘m soliqdan qochganlikda gumon qilinmoqda

Toshkent viloyatida oltita MChJ mansabdor shaxslari 42,5 mlrd so‘mlik soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Tekshiruv davomida soliq organlari xodimlari ushbu korxonalarda o‘tkazilgan audit natijalarini 5,2 mlrd so‘mlik soliqlarni hisoblamasdan rasmiylashtirgani ham aniqlangan. Holat Departament va Soliq qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida fosh etilgan.
Mahsulotlar 195,9 mlrd so‘mga naqd sotilgan
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, oltita MChJning mas’ul shaxslari va boshqalar budjetdan 32,6 mlrd so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib olgan.
Shundan keyin ular 195,9 mlrd so‘mlik mahsulotlarni naqd pulga sotib, tushumni bank hisobvaraqlariga topshirmagan. Natijada savdo qoidalarini juda ko‘p miqdorda buzish hamda 42,5 mlrd so‘mlik soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash holati yuzaga kelgani qayd etilgan.
Soliq xodimlari 5,2 mlrd so‘mni hisoblamagan
Tekshiruvda Toshkent viloyati soliq boshqarmasining ayrim mas’ul shaxslari mazkur MChJlarda audit o‘tkazgani aniqlangan.
Biroq audit dalolatnomalari 5,2 mlrd so‘mlik soliqlarni hisoblamasdan rasmiylashtirilgani aytilmoqda. Oqibatda davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Surxondaryo viloyatida soxta hujjatlardan foydalanib, 25 mlrd so‘mlik kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holati aniqlangani haqida yozgan edi.