
General Motors 2027-yil boshidan Chevrolet Groove va Aveo avtomobillarini Meksikada yig‘ishni rejalashtirmoqda. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Mazkur ikki model Chevrolet’ning Meksika bozoridagi eng ko‘p sotiladigan avtomobillari qatoriga kiradi. Ularning mahalliylashtirilishi Xitoyda ishlab chiqarilgan transport vositalariga import bojlari oshirilganidan keyin General Motors’ning ishlab chiqarish strategiyasini o‘zgartirish jarayonining bir qismi hisoblanadi.
Birinchi bo‘lib Chevrolet Groove chiqariladi

Yangi reja doirasida Meksikada yig‘ilishi boshlanadigan birinchi model Chevrolet Groove subkompakt krossoveri bo‘ladi. Mahalliy zavodda ishlab chiqarilgan dastlabki avtomobillar 2027-yil boshida konveyerdan chiqishi va sotuvga yuborilishi kutilmoqda.
Chevrolet Groove va Aveo umumiy platforma, ayrim mexanik qismlar hamda salon jihozlaridan foydalanadi. Bu esa ikkala modelni bir zavodda ishlab chiqarish uchun uskunalarni moslashtirish va ehtiyot qismlar yetkazib berish jarayonini yengillashtiradi.
Aveo sedani birinchi yarim yillikda chiqishi mumkin

Chevrolet Aveo’ni Ramos Arispe zavodida ishlab chiqarish 2027-yil davomida boshlanadi. General Motors hozircha aniq jadvalni oshkor qilmagan.
Kompaniya rejalaridan xabardor manbalarga ko‘ra, dastlab 2027-yilning birinchi yarmida Aveo sedanini yig‘ish yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Xetchbek versiyasi esa ishlab chiqarish dasturiga keyinroq qo‘shiladi.
Ehtiyot qismlar Xitoydan yetkazib beriladi

Chevrolet Groove va Aveo Meksikada CKD usulida yig‘iladi. Bunda avtomobillarning qismlarga ajratilgan to‘liq to‘plamlari Xitoydagi SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasidan olib kelinib, Ramos Arispe zavodida tayyor avtomobil holatiga keltiriladi.
Loyiha, avvalo, Meksika ichki bozoridagi talabni qondirishga qaratilgan. General Motors 2030-yilga borib ushbu ikki modelning yillik ishlab chiqarish hajmini qariyb 80 ming donaga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Onix Activ 2027 rasman sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.