O‘zbekiston tarixda ilk bor «o‘rtacha erkin» davlatlar qatoriga kirdi

O‘zbekiston 2026-yilda bir qator nufuzli xalqaro reyting va indekslarda o‘z pozitsiyasini sezilarli yaxshiladi. Xususan, mamlakat ilk bor «o‘rtacha erkin» davlatlar qatoriga kirar ekan, suveren kredit reytingi bo‘yicha ham xalqaro agentliklarning bahosi yuqoriladi. Bu haqda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishida aytildi.
Iqtisodiy erkinlik bo‘yicha tarixiy natija
«Heritage Foundation» tomonidan e’lon qilinadigan Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 14 pog‘onaga ko‘tarilib, 184 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi. Mamlakat 60,3 ball to‘plab, ilk bor «o‘rtacha erkin» davlatlar toifasiga kirdi. Avvalgi yillarda esa O‘zbekiston «asosan erkin bo‘lmagan» davlatlar guruhida qayd etilgan edi.
Kredit reytinglari ham yaxshilandi
Joriy yilda xalqaro reyting agentliklari ham O‘zbekiston iqtisodiyotiga ijobiy baho berdi. Fitch Ratings va S&P Global Ratings mamlakatning suveren kredit reytingi istiqbolini «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi.
Shuningdek, Moody’s agentligi O‘zbekistonning kredit reytingini bir pog‘ona oshirib, «Va3»dan «Va2»ga ko‘tardi. Reyting prognozi esa «ijobiy»dan «barqaror»ga o‘zgartirildi. Bu odatda prognoz emas, reytingning o‘zi yaxshilanganda kuzatiladigan holat sifatida baholanadi.
Ayollar iqtisodiy faolligi bo‘yicha katta sakrash
«Ayollar, biznes va qonun» indeksida ham O‘zbekiston sezilarli o‘sishga erishdi. Mamlakat 43 pog‘onaga yuqorilab, 190 davlat orasida 48-o‘rinni egalladi.
Hisobotda O‘zbekiston gender tengligini ta’minlashga qaratilgan eng muhim huquqiy islohotlarni amalga oshirgan davlatlardan biri sifatida qayd etilgan. Shuningdek, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish yo‘nalishida mamlakat dunyoning TOP-5 davlatlari qatoriga kirdi. Bu borada O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi, Yevropada esa uchinchi natijani qayd etdi.
Sun’iy intellekt reytingida 33 pog‘onaga ko‘tarildi
Hukumatning sun’iy intellektga tayyorgarligi bo‘yicha Oxford Insights reytingida ham O‘zbekistonning natijalari yaxshilandi. 2020-yildan buyon mamlakat 33 pog‘ona yuqorilab, 2025-yil yakunlariga ko‘ra 62-o‘rinni egalladi. Natijada O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda MDH davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichga ega mamlakatga aylandi.
Ekologiya yo‘nalishida pasayish qayd etildi
Shu bilan birga, barcha yo‘nalishlarda ham ijobiy dinamika kuzatilmadi. AQSHning Yel va Kolumbiya universitetlari shakllantiradigan Atrof-muhit samaradorligi indeksida O‘zbekiston 177 davlat orasida 121-o‘rinni egalladi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda mamlakat ushbu reytingda 107-o‘rinda bo‘lgan.
Senatda yangi vazifalar belgilandi
Mazkur natijalar 5-avgust kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida o‘tgan Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha Respublika kengashi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida sun’iy intellekt, ekologiya hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlarda O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Avvalroq Toshkent shahriga 2026 – 2027-yillarda jami $19 mlrd miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.