O‘yin vaqtida futbolchini chaqmoq urdi

Tailandda futbol musobaqasi davomida yuz bergan baxtsiz hodisa 24 yoshli futbolchi Safvan Avaening umriga zomin bo‘ldi. Bu haqda «The Independent» xabar qildi.
O‘yin vaqtida futbolchilarni yashin urgan
Voqea 4-avgust kuni Narathivat viloyatining Sungaykolok tumanidagi «Santiphap» stadionida o‘tkazilgan Golok FA Cup turniri uchrashuvi paytida sodir bo‘lgan.
Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, o‘yin davom etayotgan vaqtda kuchli yomg‘ir boshlangan. Oradan ko‘p o‘tmay stadion hududiga chaqmoq tushib, maydondagi bir necha futbolchi yerga yiqilgan.
Futbolchining hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi
Eng og‘ir jarohat «Yala» klubi a’zosi Safvan Avaega to‘g‘ri kelgan. Unga dastlab stadionning o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, so‘ng shoshilinch ravishda shifoxonaga olib borilgan. Biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, futbolchi vafot etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida yana o‘ndan ortiq ishtirokchi turli darajadagi jarohatlar olgan.
Yaqinda yangi klub bilan shartnoma imzolagandi
Safvan Avae «Yala» futbol klubiga atigi bir hafta avval – 29-iyul kuni kelib qo‘shilgan edi.
Bungacha u «Pattani» safida to‘p surib, 18 ta uchrashuvda 7 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan. Uning samarali o‘yini jamoaning Tailand ikkinchi ligasiga yo‘l olishi uchun muhim omillardan biri bo‘lgani qayd etiladi.
Fojiadan so‘ng Tailand futbol assotsiatsiyasi hamda «Yala» klubi marhum futbolchining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor qilgan.
Avvalroq Bangladeshning 7 ta tumanida kuchli yomg‘ir va chaqmoq urishi oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘ldi hamda bir necha kishi jarohat olgani haqida xabar berilgandi.