Smart #1 elektromobili qanday xususiyatlarga ega

7-avgust 2026 07:58 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Smart #1 elektromobili qanday xususiyatlarga ega
Foto: Smart

Geely va Mercedes-Benz hamkorligida rivojlantirilayotgan Smart brendi tomonidan yangilangan Smart #1 elektromobili Xitoy bozorida taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Model 800 voltli elektr arxitekturasi, tomga o‘rnatilgan lidar va Geely kompaniyasining yangi 16 komponentli elektr yuritma tizimiga ega bo‘ldi.

Elektromobilning 535 Max va 535 Ultra nomli ikkita yangi komplektatsiyasi taklif etiladi. Ularning narxi 152,9 ming yuandan 172,9 ming yuangacha, ya’ni taxminan $22,5 mingdan $25,3 minggacha etib belgilangan.

Foto: Smart

Tashqi ko‘rinish va salon yangilandi

Smart #1 brendga xos dizaynini saqlab qolgan. Avtomobilning old qismida 134 ta dioddan iborat yaxlit LED chiroqlar, yirik havo kirish panjarasi va yorug‘lik elementlari joylashtirilgan. Tom qismiga lidar, old qanotlarga esa atrof-muhitni kuzatuvchi yangi datchiklar o‘rnatilgan.

Milliy xavfsizlik talablariga moslashish maqsadida eshik tutqichlari yarim yashirin shaklda ishlab chiqilgan. Elektromobilning uzunligi 4 270 millimetr, kengligi 1 822 millimetr, balandligi 1 636 millimetrni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2 750 millimetrga teng.

Salonda 10,2 dyuymli raqamli asboblar paneli, 10 dyuymli proyeksion displey va 2,5K aniqlikdagi 15,4 dyuymli markaziy ekran o‘rnatilgan. Multimedia tizimi Flyme Auto platformasi asosida ishlaydi va 4 nanometrli Dragon Eagle 6P protsessori bilan jihozlangan.

O‘rindiqlarni 24 xil holatda moslashtirish mumkin. Yukxona hajmi o‘rindiqlar holatiga qarab 313 litrdan 976 litrgacha kengayadi. Salonda 640 vatt quvvatga ega 13 karnayli Sennheiser audio tizimi ham mavjud.

Foto: Smart

Elektromobil 535 kilometr yo‘l bosadi

Yangilangan Smart #1 Geely kompaniyasining «Thunder» nomli 16 komponentli kremniy-karbidli elektr yuritma tizimidan foydalanadi. Orqa o‘qqa o‘rnatilgan elektromotor 245 kVt yoki 329 ot kuchi quvvat hamda 320 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi.

Avtomobil soatiga 100 kilometr tezlikka 6,7 soniyada chiqadi. Uning maksimal tezligi soatiga 200 kilometr bilan cheklangan.

Model 61,52 kVt·soat sig‘imli litiy-temir-fosfat batareyasi bilan jihozlangan. CLTC standartiga ko‘ra, elektromobil bir marta quvvatlanganda 535 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin. 6C tezkor quvvatlash texnologiyasi yordamida batareyani 10 foizdan 80 foizgacha 12 daqiqada quvvatlash mumkin.

Foto: Smart

Haydovchiga yordam tizimi lidar bilan ishlaydi

Smart #1 avtomobilida lidar, kameralar va boshqa datchiklarni hisobga olganda jami 31 ta kuzatuv qurilmasi mavjud. Tizim Nvidia Orin Y protsessori yordamida ishlaydi.

Elektromobil Geely kompaniyasining G-Pilot H5 haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlangan. U oldindan tayyorlangan yuqori aniqlikdagi xaritalarsiz shahar va avtomagistrallarda harakatlanish, yo‘l belgilari va svetoforlarni aniqlash imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Smart #2 elektromobili oktabrda taqdim etilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek