Tesla va SpaceX 16,8 mlrd dollarlik chip zavodi quradi

eʼlon qilindi
Majmua ishga tushirilgach, unda kamida 3 mingta doimiy ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda
Tesla va SpaceX $16,8 mlrdlik chip zavodi quradi
Foto: Tesla videosidan ekran tasviri

Tesla va SpaceX AQShning Texas shtatida Terafab nomli yirik yarimo‘tkazgichlar majmuasini quradi. Loyihaning dastlabki bosqichiga $16,8 mlrd investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Korxona Grimes okrugida, Gibbons Creek suv ombori yaqinida joylashadi.

Majmuaning umumiy maydoni 100 mln kvadrat fut yoki qariyb 9,3 mln kvadrat metrni tashkil etadi. Bu taxminan 1,3 mingta futbol maydoniga teng. Reja to‘liq amalga oshirilsa, Terafab dunyodagi eng yirik chip ishlab chiqarish majmualaridan biriga aylanishi mumkin.

Barcha ishlab chiqarish bosqichlari bir joyda jamlanadi

Terafabda mantiqiy mikrosxemalar va xotira chiplarini ishlab chiqarish, ularni ilg‘or usulda qadoqlash hamda yakuniy sinovdan o‘tkazish jarayonlari bitta hududda birlashtiriladi. Tesla va SpaceX bu yondashuv yangi protsessorlarni ishlab chiqish va ularni ommaviy ishlab chiqarishga chiqarish muddatini qisqartirishini kutmoqda.

Foto: Tesla videosidan ekran tasviri

Korxonaning asosiy mahsuloti sun’iy intellekt tizimlari uchun mo‘ljallangan maxsus protsessorlar bo‘ladi. Ular Tesla’ning Optimus odamsimon robotlari, Cybercab haydovchisiz taksilari hamda kompaniyaning avtomobillarida ishlatiladigan sun’iy intellekt tizimlariga o‘rnatiladi.

SpaceX esa ushbu chiplardan orbitada joylashtirilishi rejalashtirilgan yuqori quvvatli hisoblash markazlarida foydalanmoqchi. Terafab rasmiy sahifasida majmua Yerda hamda koinotda ishlatiladigan AI5, AI6 va D3 avlodidagi chiplarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangani qayd etilgan.

Kompaniyalarga 1 TVtdan ortiq quvvat kerak bo‘ladi

Tesla va SpaceX hisob-kitoblariga ko‘ra, kelgusi yillarda ularning hisoblash quvvatiga bo‘lgan umumiy ehtiyoji 1 teravattdan oshadi. Kompaniyalar mavjud yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikni davom ettiradi, biroq jahon bozoridagi ishlab chiqarish hajmi kelajakdagi talabni to‘liq qoplay olmasligi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Terafabning yillik ishlab chiqarish quvvati ham 1 teravattlik hisoblash tizimlarini chiplar bilan ta’minlash darajasiga olib chiqilishi ko‘zda tutilgan. Loyihada Tesla va SpaceX bilan birga xAI ishlari ham birlashtirilgan. Intel esa chip ishlab chiqarish texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha loyiha hamkorlaridan biri sifatida qatnashmoqda.

Foto: Tesla videosidan ekran tasviri

Korxonada kamida 3 ming ish o‘rni yaratiladi

Terafabning dastlabki qurilish bosqichi uchun $16,8 mlrd yo‘naltiriladi. Majmua ishga tushirilgach, unda kamida 3 mingta doimiy ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Avvalgi mahalliy kelishuvlarda SpaceX 2030-yilgacha hududga kamida $5 mlrd sarmoya kiritish va 2035-yilgacha kamida 1,8 ming kishini ish bilan ta’minlash majburiyatini olgan edi.

May oyida taqdim etilgan soliq hujjatlarida loyihaning kengaytirilgan bosqichlariga kiritiladigan investitsiyalar $119 mlrdgacha yetishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Biroq hozircha kompaniyalar rasman e’lon qilgan boshlang‘ich mablag‘ $16,8 mlrdni tashkil etadi.

Ishlab chiqarishda suv omboridan foydalaniladi

Chip ishlab chiqarish katta miqdorda suv talab qilgani sababli majmua Gibbons Creek suv omboridan foydalanadi. Kompaniyalar mahalliy yerosti suvlariga yuklamani oshirmaslikni rejalashtirgan. Terafab atrofidagi ekologik va infratuzilmaviy masalalar esa Grimes okrugi aholisi va mahalliy idoralar tomonidan muhokama qilinmoqda.

Terafab Tesla va SpaceXning AQShda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni kengaytirish strategiyasining bir qismiga aylanadi. Tesla 2026-yil aprelida Texasdagi Gigafactory majmuasi yonida yangi chip texnologiyalarini sinovdan o‘tkazishga mo‘ljallangan tadqiqot korxonasini qurishni boshlagan. Ushbu markaz kelajakdagi Terafab uchun tajriba maydonchasi vazifasini bajaradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tesla Cybercab’ga yangi avlod Starlink interneti o‘rnatilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek