Chevrolet Tracker uchun chegirma e’lon qilindi — tafsilotlar

7-avgust 2026 12:49 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Tracker uchun chegirma e’lon qilindi — tafsilotlar
Foto: Chevrolet

Chevrolet AQSh bozorida 2026-yilgi Trax (Chevrolet Tracker) krossoveri uchun avgust oyiga mo‘ljallangan yangi moliyaviy takliflarni e’lon qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

GM Authority ma’lumotiga ko‘ra, avgust oyida Chevrolet Trax uchun avtomobil narxidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegirma ko‘zda tutilmagan. Kredit va lizing dasturlari 2026-yil 31-avgustgacha amal qiladi.

Kredit muddati 84 oygacha yetadi

2026-yilgi Chevrolet Trax’ni GM Financial orqali moliyalashtirishda 48 oygacha bo‘lgan muddat uchun yillik 2,9 foizli kredit stavkasi taklif etiladi.

Foto: Chevrolet

60 oylik kredit uchun stavka 3,9 foizni, 75 oygacha bo‘lgan moliyalashtirishda 4,9 foizni tashkil qiladi. Eng uzoq — 84 oylik kredit dasturida yillik stavka 5,9 foiz etib belgilangan.

Takliflardan foydalanish uchun xaridor belgilangan kredit talablariga javob berishi va moliyalashtirishni GM Financial orqali rasmiylashtirishi kerak.

Chevrolet Trax oyiga $299 dan lizingga beriladi

2026-yilgi Chevrolet Trax LT uchun 24 oylik lizing dasturi ham mavjud. 2021-yil yoki undan yangi avtomobilni amaldagi lizing asosida boshqarayotgan talablarga mos mijozlar uchun oylik to‘lov $309 ni tashkil qiladi. Shartnoma imzolanganda $2 939 to‘lash talab etiladi.

GM xodimlari va dastur talablariga mos keladigan ularning oila a’zolari uchun oylik to‘lov $299 gacha tushadi. Bu holatda dastlabki to‘lov $2 969 ni tashkil etadi.

Har ikki dasturda yillik yurish chegarasi 10 ming mil, ya’ni qariyb 16,1 ming kilometr etib belgilangan. Garov puli talab qilinmaydi.

Foto: Chevrolet

Narxi $23,5 mingdan boshlanadi

2026-yilgi Chevrolet Trax AQShda beshta komplektatsiyada sotiladi. LS versiyasining boshlang‘ich narxi $23 495 ni tashkil etadi. 1RS va LT modifikatsiyalari $24 995 dan, 2RS hamda Activ esa $27 195 dan taklif qilinadi. Ushbu summalarga $1 795 miqdoridagi yetkazib berish to‘lovi ham kiritilgan.

Trax AQSh bozorida ilk bor taqdim etilganida Tracker nomi bilan chiqqan edi. Ko‘pchilik ushbu modelni Tracker’ning AQSh bozori uchun mo‘ljallangan versiyasi sifatida qaraydi.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Onix Activ 2027 rasman sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek