O‘t ichida qolgan Wildberries. Kompaniya O‘zbekistonga ko‘chadimi

Rossiyaning eng yirik marketplace’laridan biri Wildberries obyektlariga ketma-ket uyushtirilgan dron hujumlari kompaniyaning logistika tizimiga jiddiy zarar yetkazdi. Shu fon’da ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya Rossiyadagi ayrim logistika quvvatlarini Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistonga ko‘chirishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Kursiv Uzbekistan ushbu ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun Wildberries kompaniyasining O‘zbekistondagi matbuot xizmatiga murojaat qildi.
Wildberries O‘zbekistonga ko‘chadimi?
Kompaniya Rossiyadagi asosiy logistika quvvatlarini boshqa davlatga, jumladan O‘zbekistonga ko‘chirish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Wildberries vakillarining ma’lum qilishicha, kompaniya faoliyat yuritayotgan barcha mamlakatlarda logistika infratuzilmasini kengaytirish ishlari uzoq muddatli strategiya asosida rejalashtirilgan tartibda olib borilmoqda. Hozirda kompaniya mavjud logistika jarayonlarini tiklash va platformaning barqaror ishlashini ta’minlash uchun zarur resurslarni yo‘naltirmoqda.
O‘zbekistondagi investitsiya rejalarida ham o‘zgarish yo‘q. Kompaniya mahalliy sotuvchilar va xaridorlar uchun infratuzilma hamda servisni rivojlantirishga qaratilgan avvaldan rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirishda davom etishini bildirdi.
Hujumlar qanchalik katta zarar yetkazdi?
Wildberries obyektlariga hujumlar 18-iyul kuni boshlangan. Dastlab Moskva viloyatining Elektrostal shahridagi yirik logistika majmuasi va Tambov viloyatining Kotovsk shahridagi ombor zarbaga uchragan. Keyingi kunlarda hujumlar Krasnodar va Stavropol o‘lkalari, Voronej, Leningrad, Ryazan, Samara hamda Vladimir viloyatlaridagi logistika obyektlariga ham tarqalgan.
Eng yirik so‘nggi zarbalardan biri 3-avgust kuni Vladimir viloyatidagi omborda yuz bergan. Dron hujumidan keyin qariyb 100 ming kvadrat metr maydonda yong‘in chiqqan. Uni o‘chirishga 200 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi va 67 ta maxsus texnika jalb qilingan. Barcha xodimlar evakuatsiya qilingan, uch kishi yengil jarohat olgan.
7-avgust kuni Reuters xabar qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 18-iyuldan buyon Wildberries’ning Rossiyadagi obyektlariga uyushtirilgan hujumlar oqibatida 1,18 mln kvadrat metrdan ortiq ombor maydoni zarar ko‘rgan. Bu kompaniyaning umumiy saqlash quvvatining qariyb 20 foiziga teng. Hujumlar oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lgani ham qayd etilgan.
Zarar ko‘rgan sotuvchilarga nima bo‘ladi?
Wildberries logistika obyektlariga uyushtirilgan hujumlar oqibatida tovarlari zarar ko‘rgan sotuvchilarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Kompaniya yordam mamlakatdan qat’i nazar barcha zarar ko‘rgan sotuvchilarga ko‘rsatilayotganini bildirdi.
Kompensatsiya to‘lovlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda va jarayon hozir ham davom etmoqda. Bundan tashqari, hujumlardan keyin kompaniya va uning hamkorlari zarar ko‘rgan sotuvchilar uchun ayrim saqlash xizmatlariga chegirmalar, tovarlarni boshqa hududiy omborlarga bepul ko‘chirish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini taklif qilgan.
Avvalroq Rossiyada Wildberries-Russ kompaniyasining ikki logistika markaziga dronlar orqali uyushtirilgan hujum oqibatida bir necha kishi halok bo‘lib, o‘nlab odamlar jarohatlangani haqida xabar berilgandi.