O‘zbekistonda kriptodo‘konlar soni 14 taga yetdi

eʼlon qilindi
Biroq, kriptodo‘konlar bozorida yangi litsenziyalar berilayotgan bir paytda, ayrim kompaniyalarning faoliyati vaqtincha cheklangan
Foto: Yandex

Yangi litsenziya bilan O‘zbekistonda kripto do‘kon sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega kompaniyalar soni 14 taga yetdi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) «NAQD-EX» MCHJga kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berdi.

Agentlikning elektron reyestrida 7-avgust holatiga qadar 13 ta amaldagi kripto-do‘kon litsenziyasi ko‘rsatilgan. Yangi litsenziya ham reyestrga kiritilgach, ularning soni 14 taga chiqdi.

Kripto bozorida nechta litsenziyali kompaniya bor?

Kripto do‘konlar kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi litsenziyalanadigan xizmat provayderlarining to‘rt turidan biri hisoblanadi. Qolganlari — kriptobirja, mayning-pul va kriptodepozitariy.

Agentlikning amaldagi reyestrida kriptodo‘konlardan tashqari 2 ta kriptobirja va 6 ta kriptodepozitariy litsenziyasi mavjud. Shu tariqa, yangi «NAQD-EX» litsenziyasi qo‘shilgach, amaldagi litsenziyalar soni ushbu uch yo‘nalish bo‘yicha kamida 22 taga yetadi. Bunda mayning-pullar bo‘yicha alohida litsenziya reyestri yuritiladi.

Kripto do‘konlar bozorining o‘zi esa bir necha yil ichida shakllangan. Reyestrdagi eng dastlabki amaldagi litsenziyalardan biri 2022-yil noyabrida berilgan. 2026-yilda esa yangi litsenziatlar qatoriga «CRYPTO MAGNAT», «ASTERIUM», «UNEX PAYMENTS» kabi kompaniyalar qo‘shilgan. Masalan, «UNEX PAYMENTS»ga kripto-do‘kon litsenziyasi 24-iyun kuni berilgan.

Biroq, kriptodo‘konlar bozorida yangi litsenziyalar berilayotgan bir paytda, ayrim kompaniyalarning faoliyati vaqtincha cheklangan. ILMAning ochiq reyestriga ko‘ra, 2026-yilning 1-martidan boshlab «CRYPTO MARKET», 2026-yil 1-apreldan «CRYPTOCORP», «C-CASH» va «T-FIRM»ning litsenziyalari olti oy muddatga to‘xtatilgan. Shuningdek, «CRYPTO EXPRESS» faoliyati ham 2026-yil 1-iyundan olti oyga to‘xtatilgan.

Bundan tashqari, «PAYNET CRYPTO»ning kripto do‘kon faoliyatiga berilgan litsenziyasi ham 2026-yil 20-apreldagi qaror bilan 10 kunga to‘xtatilgan. Biroq ushbu muddat yakunlangan.

Kriptodo‘kon ochish qancha turadi?

O‘zbekistonda kriptoaktivlar bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish uchun litsenziya olishning o‘zi ham sezilarli xarajatni talab qiladi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, kriptodo‘kon uchun davlat boji BHMning 3 700 baravariga teng.

Amaldagi 412 ming so‘mlik BHMdan kelib chiqilsa, bu qariyb 1,52 mlrd so‘mga teng. Bundan tashqari, litsenziyaga ega kriptodo‘kon faoliyat yuritish uchun har oy BHMning 185 baravari miqdorida yig‘im to‘laydi. Bu hozirgi BHM bo‘yicha oyiga 76,22 mln so‘mni tashkil etadi.

Litsenziyalar cheklanmagan muddatga beriladi. Shu bilan birga, kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi litsenziyalangan faoliyat bilan faqat O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin.

Kriptodo‘kon nima bilan shug‘ullanadi?

Kriptodo‘kon — kripto aktivlarni sotib olish va sotish bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatuvchi litsenziyali provayderlardan biri. Bunday faoliyat O‘zbekistonda litsenziyasiz amalga oshirilishi mumkin emas.

Agentlikning ma’lumotlariga ko‘ra, kriptodo‘kon mijozlari majburiy identifikatsiyadan o‘tadi. Buning uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat, JShShIR, aloqa ma’lumotlari va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlar taqdim etiladi.

Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktori buyrug‘iga binoan, «KOBEA GROUP» MChJ XK (UzNEX kriptobirjasi)ga berilgan litsenziya 2026-yil 25-may sanasidan bekor qilingani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek