Shimoliy Koreya jaziramaga qarshi it go‘shtidan sho‘rva va tovuq bulyonini tavsiya qildi

eʼlon qilindi
Payshanba kuni Pxenyanda havo harorati 36,7 darajagacha ko‘tarilgan
Shimoliy Koreya jaziramaga qarshi it go‘shtidan sho‘rva va tovuq bulyonini tavsiya qildi
Foto: depositphotos.com

Koreya yarimorolida rekord darajadagi issiq kuzatilayotgan bir paytda, Shimoliy Koreya davlat OAVlari aholini jaziramaga chidash uchun it go‘shtidan sho‘rva, tovuq bulyoni va boshqa an’anaviy taomlarni iste’mol qilishga chaqirmoqda. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Pxenyanda rekord harorat qayd etildi

Shimoliy Koreya davlat televideniyesi ma’lumotiga ko‘ra, payshanba kuni Pxenyanda havo harorati 36,7 darajagacha ko‘tarilgan. Bu poytaxtda meteorologik kuzatuvlar boshlanganidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich sifatida taqdim etilgan.

Mamlakatda jazirama bilan birga tungi haroratning yuqoriligi ham kuzatilmoqda. Shu sababli davlat OAVlari issiqdan himoyalanish bo‘yicha tavsiyalarni keng yoritmoqda.

It go‘shtidan sho‘rva ham tavsiyalar qatorida

Shimoliy Koreyaning «Rodong Sinmun» gazetasi shifokor tavsiyalariga tayanib, tarvuz, bodring va mosh kabi salqinlashtiruvchi mahsulotlarni iste’mol qilishni tavsiya qilgan. Shuningdek, it go‘shtidan tayyorlangan sho‘rva, baliqli bo‘tqa va qizil loviyali bo‘tqa ham to‘yimli taomlar sifatida tilga olingan.

Nashr it go‘shtidan tayyorlangan sho‘rvaga alohida material ham bag‘ishlagan. Unda bu taom yozning eng issiq kunlarida iste’mol qilinadigan an’anaviy taom sifatida ta’riflangan. Shu bilan birga, mamlakatda yil boshida it go‘shtidan taom tayyorlash bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazilgani qayd etilgan.

Davlat axborot agentligi esa jaziramadan saqlanish uchun Pxenyandagi restoranlarda samgyetang — jenshen, yopishqoq guruch va xurmo solib tayyorlanadigan tovuq sho‘rvasi — mashhur bo‘layotganini ma’lum qilgan.

Aholi basseyn va plyajlarga chiqmoqda

Davlat televideniyesi issiq havoda organizmni suvsizlanishdan himoya qilish, cho‘milish va ochiq havodagi mashg‘ulotlar bo‘yicha ham tavsiyalar bermoqda.

Shuningdek, KXDR davlat OAVlari Vonsan Kalma sohilidagi turistik hududda plyaj va basseynlar odamlar bilan gavjum bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Pxenyandagi akvaparklarda ham jaziramadan qochayotganlar ko‘paygani xabar qilingan.

Kim Chen In haqidagi eski lavhalar qayta yoritildi

Issiq mavzusida davlat OAVlari Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning og‘ir ob-havo sharoitlarida ishlagani haqidagi eski voqealarni ham eslatmoqda.

«Rodong Sinmun» 2013-yilda qurilish maydoniga tashrif buyurganida uning kiyimlari terdan ho‘l bo‘lib ketgani haqidagi ma’lumotni qayta e’lon qilgan. Nashrga ko‘ra, o‘sha paytda u jazirama bo‘lishiga qaramay, xalq uchun bajarilishi kerak bo‘lgan ishlarni davom ettirish kerakligini aytgan.

Shu bilan birga, Shimoliy Koreya hozirgi jazirama davrida issiq bilan bog‘liq o‘limlar bo‘yicha ma’lumot e’lon qilmagan. Janubiy Koreyada esa issiq to‘lqini oqibatida 20 dan ortiq kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan dunyoda jazirama, o‘rmon yong‘inlari va okeanlardagi rekord harorat davom etayotgan bo‘lsa ham 2026-yil hali tarixdagi eng issiq yil maqomini olgani yo‘qligi haqida yozgandi.

Shuningdek