Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston mudofaa bitimini tuzdi

Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston qo‘shma mudofaa bitimini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, uch davlatdan biriga qurolli hujum qilinishi ularning barchasiga qilingan hujum sifatida baholanadi, deya yozmoqda DW.
«Makka qo‘shma mudofaa bitimi» deb nomlangan hujjat Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ishtirokida imzolandi. Pokiston delegatsiyasi tarkibida mamlakat armiyasi qo‘mondoni Asim Munir ham bo‘lgan.
Bir davlatga hujum uchalasiga hujum hisoblanadi
Qo‘shma bayonotga ko‘ra, kelishuvning asosiy maqsadi uch mamlakatning kollektiv xavfsizligini mustahkamlash va ehtimoliy tajovuzlarga qarshi birgalikdagi tiyib turish imkoniyatlarini oshirishdan iborat.
Bitimdagi eng muhim bandlardan biri kollektiv mudofaa tamoyilidir. Unga ko‘ra, Saudiya Arabistoni, Turkiya yoki Pokistondan biriga qurolli hujum uyushtirilsa, bu uchala davlatga qarshi hujum sifatida qabul qilinadi.
Shu bilan birga, tomonlar hozircha bunday vaziyatda har bir mamlakat aynan qanday majburiyatlarni bajarishi, jumladan, harbiy yordamning shakli va ko‘lami haqida batafsil ma’lumot bermadi.
Turkiya rasmiysining Reuters’ga bildirishicha, bitim faqat mudofaa xususiyatiga ega va muayyan davlat yoki tahdidga qarshi qaratilmagan. Kelishuv boshqa mintaqa mamlakatlarining qo‘shilishi uchun ham ochiq. U uch davlatning amaldagi ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama bitimlarini bekor qilmaydi va ularning o‘rnini egallamaydi.
Kelishuv qariyb bir yil muhokama qilingan
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, uch tomonlama mudofaa mexanizmi bo‘yicha muzokaralar qariyb bir yil davom etgan. Kelishuv Yaqin Sharqda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat keskinlashgan bir paytda imzolandi.
Saudiya Arabistoni so‘nggi davrda raketa va dron hujumlariga duch kelmoqda. Fors ko‘rfazidagi vaziyatning keskinlashishi va Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishdagi uzilishlar ham mintaqa davlatlarining xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishiga turtki bo‘lmoqda.
Reuters qayd etishicha, uch mamlakat o‘rtasida avvaldan harbiy hamkorlik mavjud. Pokiston o‘nlab yillar davomida Saudiya Arabistoni harbiylariga tayyorgarlik va texnik yordam ko‘rsatib kelgan. Turkiya va Pokiston esa harbiy tayyorgarlik hamda mudofaa sanoati yo‘nalishlarida hamkorlik qiladi. Saudiya Arabistoni 2023-yilda Turkiya bilan dronlar yetkazib berish bo‘yicha yirik shartnoma ham imzolagan.
Pokiston — yadroviy qurolga ega davlat
Kelishuvga Turkiyaning NATOdagi mavqei va Pokistonning yadroviy salohiyati sabab alohida e’tibor qaratilmoqda. Turkiya NATOda AQShdan keyingi eng katta qurolli kuchlardan biriga ega, Pokiston esa yadroviy qurolga ega yagona musulmon davlat hisoblanadi.
Biroq kelishuv Pokistonning yadroviy imkoniyatlarini uch tomonlama mudofaa tizimiga qo‘shishini anglatmaydi.
Tomonlar kelishuv mintaqada va undan tashqarida tinchlik, xavfsizlik hamda barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi. Bitim doirasidagi amaliy hamkorlik mexanizmlari va tomonlarning aniq majburiyatlari hozircha to‘liq ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Pokistonning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlangani haqida yozgan edi.