O‘zbekistonda SI asosidagi mahsulot va xizmatlar hajmi 1,5 mlrd dollarga yetkaziladi

eʼlon qilindi
100 dan ortiq loyiha amalga oshiriladi
O‘zbekistonda SI asosidagi mahsulot va xizmatlar hajmi 1,5 mlrd dollarga yetkaziladi
Foto: prezident.uz

O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha yangi maqsadlar belgilandi. 2030-yilgacha mamlakatning sun’iy intellektga tayyorlik reytingida dunyoning eng ilg‘or 50 ta davlati qatoriga kirishi ko‘zda tutilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevga sohada amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda bir yil ichida 25 pog‘onaga yuqorilab, 62-o‘ringa ko‘tarilgan.

Kelgusida sun’iy intellekt asosida ishlab chiqiladigan dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini $1,5 mlrdga yetkazish, infratuzilmani kengaytirish va 200 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Hisoblash infratuzilmasi kengaytiriladi

O‘tgan oy Raqamli hukumat data-markazida Nvidia texnologiyalari asosidagi superkompyuter ishga tushirilgan. U quvvati bo‘yicha jahon reytingida 321-o‘rinni egallagan.

Superkompyuter ishga tushirilganidan bir oy o‘tib, klaster yuklamasi 90 foizga yetgan. Bu mamlakatda sun’iy intellekt uchun hisoblash quvvatlariga talab yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

Hozirga qadar $24 mlnlik zamonaviy hisoblash infratuzilmasi ishga tushirilgan. Mavjud klasterni kengaytirish uchun yana $70 mln yo‘naltirish taklif qilindi.

100 dan ortiq loyiha amalga oshiriladi

Joriy yilning o‘zida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt asosida 100 dan ortiq loyiha amalga oshirilishi belgilandi. Tibbiyot, energetika, transport, bojxona, huquqiy xizmatlar, jamoat xavfsizligi, ekologiya va geologiyada tegishli yechimlar ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek, IT-Park rezidentlari, startaplar va 20 dan ortiq sun’iy intellekt laboratoriyalari bilan hamkorlikni kuchaytirish rejalashtirilgan.

Yil yakuniga qadar sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yurituvchi rezidentlar sonini 300 taga, ular ko‘rsatadigan xizmatlar hajmini 2 trln so‘mga, eksportni esa $160 mlnga yetkazish kutilmoqda.

5 mln sun’iy intellekt yetakchisi tayyorlanadi

Kelgusi ikki yilda Besh million sun’iy intellekt yetakchilari loyihasini to‘liq amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. Buning doirasida o‘quvchilar, talabalar, o‘qituvchilar va aholining boshqa qatlamlari uchun o‘quv materiallari ishlab chiqiladi.

Shuningdek, hududlarda xakatonlar va tanlovlar o‘tkazish davom ettiriladi. Viloyat, tuman va shahar hokimlarining sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilarini tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Ayni paytda 500 nafar nomzod orasidan 222 nafar maslahatchi saralangan. Ularning faoliyatini kuzatish va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus raqamli platforma ishga tushiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan soliq SI orqali yashirin iqtisodiyotni qanday aniqlashi haqida yozgandi.

Shuningdek