Tailanddagi maktabda hujum oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi

Tailandning Bangkok shahri yaqinidagi Nonthaburi provinsiyasida joylashgan maktabda sodir bo‘lgan qurolli hujum oqibatida jami yetti kishi halok bo‘ldi. 23 kishi jarohatlandi, deya xabar bermoqda DW.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hodisada 14 yoshli maktab o‘quvchisi gumon qilinmoqda. Voqea 7-avgust kuni Bang Kruai tumanidagi Debsirin Nonthaburi maktabida yuz bergan. Hujumdan so‘ng o‘quvchilar, o‘qituvchilar va boshqa xodimlar binodan evakuatsiya qilindi. Voqea joyiga politsiya, qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Maktabda besh kishi halok bo‘lgan
Politsiyaning aniqlashtirilgan ma’lumotlariga ko‘ra, maktabdagi hujum oqibatida ikki nafar o‘qituvchi va uch nafar boshqa xodim halok bo‘lgan. Dastlab qurbonlar soni bo‘yicha turlicha ma’lumotlar berilgan, keyinchalik rasmiylar raqamlarni aniqlashtirdi.
Tergov davomida gumonlanuvchi yashagan uyda uning ikki nafar buvisi va bobosi ham vafot etgani aniqlangan. Shu tariqa hujum bilan bog‘liq jami qurbonlar soni yetti kishiga yetgan. Gumonlanuvchining o‘zi ham voqea joyida vafot etgan.
Bangyai shifoxonasi ma’lumotiga ko‘ra, jami 23 kishi jarohatlangan. Reuters’ning so‘nggi ma’lumotida ulardan to‘qqiz nafari og‘ir ahvolda ekani qayd etilgan.
Bosh vazir qurol nazoratini kuchaytirishni muhokama qiladi
Tailand bosh vaziri Anutin Charnvirakul hodisa munosabati bilan qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, mutasaddi idoralarga jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq bergan.
Bosh vazir dastlabki tergov ma’lumotlari hujum oldindan rejalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatayotganini bildirdi. U voqeadan keyin mamlakat politsiyasi rahbari bilan qurol nazoratiga oid qonunchilikni kuchaytirish masalasini muhokama qilishini ham ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tailandda futbol musobaqasi davomida yuz bergan baxtsiz hodisa 24 yoshli futbolchi Safvan Avaening umriga zomin bo‘lgani haqida yozgan edi.