O‘zbekistonda botanika bog‘lariga tashriflar 3,8 barobarga oshdi

2025-yil davomida O‘zbekistondagi botanika bog‘lariga sayohat qilganlar soni 1,17 mln kishini tashkil qilib, 2024-yilga nisbatan qariyb 3,8 barobarga o‘sdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 3 ta yirik botanika bog‘i rasman faoliyat yuritmoqda. Ushbu yashil hududlar Toshkent shahri, Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan.
O‘tgan 2025-yil davomida mazkur bog‘larning umumiy maydoni yana 6 gektarga kengaytirilib, jami 113,3 gektarga yetkazildi. Hududlarning obodonlashtirilishi hamda tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazish va ekologik turizmga bo‘lgan qiziqishning ortishi o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda.
Statistik raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yil davomida botanika bog‘lariga keluvchilar soni 1,17 mln kishini tashkil etgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2024-yilgi natijalardan naq 3,8 barobar ko‘p demakdir.
Avvalroq Kursiv nashri har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil qilinishi haqida xabar bergan edi.