O‘zbekistonda rieltorlik faoliyati qonun bilan tartibga solindi

O‘zbekistonda 7-avgust kuni qabul qilingan «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun bilan mazkur sohadagi munosabatlar tartibga solindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Vakolatli organ va sertifikatlash talabi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rieltorlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi. Qonunga muvofiq, rieltorlar o‘qitish dasturidan o‘tib, malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganidan so‘ng professional jamoat birlashmasi tomonidan shtrix kodli malaka sertifikatiga ega bo‘ladi. Rieltor rieltorlik tashkiloti tarkibida faoliyat yuritishi hamda tegishli malaka sertifikatiga ega bo‘lishi shart.
Yagona reyestr va ko‘rsatiladigan xizmatlar
Rieltorlik tashkiloti va ko‘chmas mulk bo‘yicha agent faqat o‘z ma’lumotlari Yagona reyestrga kiritilgan sanadan boshlab xizmat ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi. Rieltorlik xizmatlari bir qator yo‘nalishlarni, jumladan, ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha bitimlar tuzishda vositachilik, obyektlar va ularga bo‘lgan huquqlar savdosini tashkil etish, hamda ob’yektlarni ishonchli boshqarishni o‘z ichiga oladi.
Multilisting tizimi va axborot xizmatlari
Shuningdek, sohaga ko‘chmas mulk bozorida axborot, maslahat va reklama xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati ham kiritilgan. Xususiy sektor tomonidan tashkil etiladigan multilisting tizimi rieltorlik xizmatlarini «yagona darcha» prinsipi asosida va ishonchli axborot almashinuvi orqali taqdim etish imkonini beradi.
Avvalroq Kursiv nashri rieltorlar ko‘chmas mulk agenti sifatida faoliyat yuritishi haqida xabar bergan edi.