O‘zbekistonda bolalarga otasining ismini familiya qilib berishga ruxsat berildi

Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida qabul qilingan yangi qonun orqali Oila kodeksiga muhim o‘zgartirish kiritilmoqda. Endilikda ota-onalar o‘z xohishiga ko‘ra, farzandlariga bevosita otasining ismini familiya sifatida qayd etishlari mumkin.
Oila kodeksidagi kutilayotgan yangilik
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanar yoki milliy an’analarga ko‘ra boboning ismi qilib berilishi mumkin edi. Yangi qonun bilan «Oila kodeksi»ning 69-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ushbu qoidani yanada kengaytiradi. Senatorlarning ta’kidlashicha, otaning ismini bolaga familiya sifatida berilishining qonunchilikda aniq belgilanishi fuqarolarning xohish-istaklarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Tadbirkorlar uchun «Litsenziyasiz kirish» rejimi

Majlisda nafaqat oila masalalari, balki tadbirkorlik sohasidagi yengilliklar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunga yangi huquqiy institut — biznesga litsenziyasiz kirish maxsus rejimi kiritilmoqda.
Ushbu tizim orqali tadbirkorlar ayrim faoliyat turlari bilan uch oygacha litsenziya yoki ruxsatnomasiz, faqatgina vakolatli organni elektron xabardor qilgan holda shug‘ullanishlari mumkin bo‘ladi. Bu sinov muddati biznesning iqtisodiy samaradorligini baholash uchun qo‘shimcha vaqt beradi.

Arxiv ishi bo‘yicha yangi qoidalar
Yalpi majlisda muhokama qilingan yana bir masala «Arxiv ishi to‘g‘risida»gi Qonun bo‘ldi. Unga ko‘ra, nodavlat va elektron arxivlarni tashkil etish qoidalari hamda hujjatlarni idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari bo‘yicha aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekistonda olti oyda qariyb 25 ming oila ajrashgani haqida xabar bergan edi.