O‘zbekistonda eski aerodromlar turizm uchun qayta ishga tushiriladi

O‘zbekistonda foydalanishdan chiqarilgan aerodromlardan faol turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish rejalashtirilmoqda. Ularni obodonlashtirib, tadbirkorlar va tashabbuskorlarga ijara asosida berish taklif qilinmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Kichik aviatsiya rivojlantiriladi
Bu tashabbus faol turizmni rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan. Hujjatda kichik aviatsiyani turizmning yangi yo‘nalishlaridan biriga aylantirish taklif etilgan.
Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi kichik aviatsiya sohasida davlat regulyatori sifatida belgilanadi. Agentlik havo kemalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash, texnik xizmat ko‘rsatish, mutaxassislarni tayyorlash va parvozlar xavfsizligini nazorat qilish kabi vakolatlarga ega bo‘ladi.
Aviatsiya qoidalari yangilanadi
ICAO talablaridan kelib chiqib, maksimal uchish og‘irligi 5700 kilogrammgacha bo‘lgan havo kemalari, vertolyotlar uchun esa 2250 kilogrammgacha bo‘lgan texnikalar faoliyatini tartibga soluvchi yangi aviatsiya qoidalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Shuningdek, kichik aviatsiya havo kemalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash va texnik ko‘rikdan o‘tkazishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Yagona elektron platforma yaratiladi
Loyihada «Kichik aviatsiya» yagona integratsiyalashgan elektron platformasini yaratish ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, yengil havo kemalari uchun havaskorlik toifasini joriy etish va kichik aviatsiya uchuvchilari zaxirasini shakllantirish maqsadida Cadet dasturini yo‘lga qo‘yish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, samoviy hududdan foydalanish qoidalariga U-space, G-space va W-space kabi yangi havo hududi toifalarini kiritish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy Osiyo jahon aviatsiyasida yuksalib borayotgani haqida yozgandi.