O‘zbekistonda ortda qolgan hafta qanday yakunlandi

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan yangiliklarning eng muhimlarini bir joyga jamladi
Foto: depositphotos.com

Kursiv Uzbekistan mahalliy va xalqaro maydonda hafta davomida sodir bo‘lgan yangiliklarning eng muhimlarini bir joyga jamladi.

UzAuto Motors Cobalt va Damas uchun chegirma e’lon qildi

UzAuto Motors Cobalt va Damas uchun chegirma e’lon qildi
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Chevrolet O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi hamda UzAuto Motors kompaniyasining 30 yilligi munosabati bilan Captiva Cobalt va Damas avtomobillari uchun maxsus «Yil aksiyasi»ni boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur aksiya 3-avgustdan kuchga kirdi. Uning doirasida Chevrolet Captiva avtomobiliga 45 mln so‘mgacha, Cobalt MCM modeliga 15 mln so‘mgacha chegirma taqdim etiladi. Damas avtomobilining narxi esa 15 mln so‘mga pasaytiriladi.

Toshkentda 600 mln so‘mlik kontrafakt dorilar topildi

Toshkentda 600 mln so‘mlik kontrafakt dorilar topildi
Foto: DXX

Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi uchta xonadonda Rossiyadan noqonuniy olib kelingan, qiymati qariyb 600 mln so‘mga baholangan 1330 quti kontrafakt dori vositalari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

DXX hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida poytaxtning Yangihayot tumanida yashovchi, 1963-yilda tug‘ilgan fuqaro va uning ikki farzandiga aloqador manzillar ko‘zdan kechirilgan.

Quyosh panellari uchun 330,8 mlrd so‘m subsidiya berildi

Quyosh panellari uchun 330,8 mlrd so‘m subsidiya berildi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–iyun oylarida «Quyoshli xonadon» dasturi doirasida 68,6 ming nafar jismoniy shaxsga 330,8 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya to‘landi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

Subsidiya xonadonlarda ishlab chiqarilib, umumiy elektr tarmog‘iga uzatilgan quyosh energiyasi uchun davlat budjetidan ajratilgan. Yarim yil davomida dastur ishtirokchilarining elektr tarmog‘iga uzatgan energiyasi bo‘yicha 330,8 mln birlik ijobiy tafovut qayd etilgan. Iyun oyining o‘zida esa 61,1 ming nafar foydalanuvchiga 100,7 mlrd so‘m subsidiya to‘langan.

Olmazordagi yer o‘pirilishida bir kishi jabrlandi — hokimlik

Olmazordagi yer o‘pirilishida bir kishi jabrlandi — hokimlik
Foto: Shahar hokimligi

Toshkentning Olmazor tumani Orzu massivi, 3-uy manzilida joylashgan qurilish obyektida yer o‘pirilishi yuz berdi. Hodisa oqibatida bir nafar fuqaro jabrlangani aniqlandi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, dastlab hodisa oqibatida jabrlanganlar yoki tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlar qayd etilmagani bildirilgan. Keyinchalik ma’lumotlar yangilanib, bir kishi jarohat olgani ma’lum bo‘ldi.

Misrda 5,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi

Misrda 5,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
Foto: Xinxua News

Misrning Suvaysh shahri yaqinida 5,6 magnitudali zilzila qayd etildi. Hozircha qurbonlar yoki vayronagarchiliklar haqida ma’lumot kelib tushmagan, deya xabar berdi Reuters nashri

Misr Milliy Astronomiya va Geofizika ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotiga ko‘ra, zilzila 3-avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:00 dan ko‘p o‘tmay, Suvaysh shahridan 38 kilometr shimolda sodir bo‘lgan.

Yakkasaroyda beshta bino ruxsatsiz qurilgani aniqlandi

Yakkasaroyda beshta bino ruxsatsiz qurilgani aniqlandi
Foto: Shahar hokimligi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida turar joyni o‘zboshimchalik bilan buzish va qurilish ruxsatisiz beshta bino barpo etish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Joriy yilning 2-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Damariq mahallasi, Abdulla Qahhor ko‘chasidagi 19-uyda yashovchi fuqarolarga kompensatsiya pullari to‘liq berilmagani va uy noqonuniy buzilayotgani aks etgan videolavha tarqalgan edi.

Voyaga yetmagan shaxsga avtomobil haydash uchun ruxsat berganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin

Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida odam jarohatlansa yoki halok bo‘lsa, avtomobilni bergan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish taklif qilinmoqda. Tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Hujjat yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati qatnashchilarining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda qo‘pol qoidabuzarliklar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va «Yo‘l harakati to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

Javohir Sindarov Osiyoning barcha kuchli shaxmatchilarini ortda qoldirdi

Javohir Sindarov FIDE reytingida 4-o‘rinni egalladi
Foto: Instagram/ Sindarov

Xalqaro shaxmat federatsiyasi 2026-yil avgust oyi uchun dunyoning eng kuchli shaxmatchilari reytingini e’lon qildi. O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 2 777 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

U ayni paytda O‘zbekiston va Osiyoning faol shaxmatchilari orasida eng yuqori o‘rinni egallab turibdi. Jahon reytingida norvegiyalik Magnus Karlsen 2823 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni 2792 ochkodan jamg‘argan amerikalik Fabiano Karuana hamda Hikaru Nakamura egalladi. Sindarov ulardan 15 ochko ortda qolmoqda. Beshinchi pog‘onadagi germaniyalik Vinsent Keymerning hisobida 2767 ochko bor, bu Sindarovnikidan o‘n ochko kam.

Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi 5-avgustda orbitaga uchiriladi

Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi 5-avgustda orbitaga uchiriladi
Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi

Samarkand-2028 giperspektral sun’iy yo‘ldoshi 5-avgust kuni orbitaga chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Raqamli texnologiyalar vazirligiga ko‘ra, qurilma Xitoyning Shandun provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz start platformasidan uchiriladi.

Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi STAR.VISION kompaniyasi tomonidan orbitaga olib chiqiladi. U bilan birga Lampung-1 giperspektral sun’iy yo‘ldoshi ham uchiriladi.

Messi, Mbappe, Rihanna: Ronalduning to‘yida kimlar qatnashadi

Messi, Mbappe, Rihanna: Ronalduning to‘yida kimlar qatnashadi
Rasm: SI / Kursiv Uzbekistan

Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning kutilayotgan to‘yi atrofida yangi xabarlar tarqaldi. OAVda marosim mehmonlari ro‘yxatida Lionel Messi, Kilian Mbappe, Vinisius Junior, Rihanna va Jennifer Lopes kabi mashhurlar borligi aytilmoqda.

GiveMeSport ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Ronaldu va Jorjina to‘yiga oid ekani aytilgan taklifnoma surati internetda tarqalgan.

Toshkentda 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi

Aniqlangan kamchiliklar ortidan 19 nafar xodim lavozimidan ozod etildi
Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtdagi 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha farmoyish imzoladi. Tekshiruv Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 22-iyuldagi taqdimnomasida keltirilgan holatlarni o‘rganish maqsadida tayinlangan.

Farmoyishga ko‘ra, xizmat tekshiruvi Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod va Yashnobod tumanlari hokimlariga nisbatan o‘tkaziladi.

Telegram nima uchun App Store’dan olib tashlandi

Apple kompaniyasi Telegram messenjerini bir foydalanuvchi joylagan taqiqlangan material sabab App Store’dan vaqtincha olib tashladi. Bu haqda messenjer asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi.

Ilova Telegram jamoasi kontentni o‘chirib, uni joylagan akkauntni bloklaganidan keyin bir necha soat ichida do‘konga qaytarildi.

Durovning aytishicha, hodisa platformadagi tizimli moderatsiya muammosi emas, balki ommaviy kanal va guruh egalaridan pul undirishga qaratilgan hujum oqibati bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, hujumchi avval joylangan eski xabarni tahrirlab, unga sun’iy intellekt yordamida yaratilgan noqonuniy materialni yashirincha qo‘shgan.

Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi orbitaga chiqarildi — video

5-avgust kuni Samarkand-2028 giperspektral sun’iy yo‘ldoshi orbitaga muvaffaqiyatli chiqarildi. Bu haqda Uzcosmos agentligi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Uchirish Xitoyning Shandun provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz start platformasidan STAR.VISION kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.

Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi bilan birga Lampung-1 giperspektral sun’iy yo‘ldoshi ham orbitaga chiqarildi.

Uchirish Xitoyning Shandun provinsiyasi yaqinidagi dengiz start platformasidan amalga oshirilgan.

Shahrisabz hokimining xonadonga kirib, uy egasini tanqid qilgan muhokamalarga sabab bo‘ldi

Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanovning mahalladagi xonadonlardan biriga kirib, uy egasiga hovli, oshxona va yashash sharoiti bo‘yicha tanbeh bergani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Hokimlik holatni izohlab, hokim adashib boshqa xonadonga kirib qolganini bildirdi.

Tarqalgan lavhada Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov mahalla raisi va boshqa mas’ullar hamrohligida xonadon hovlisiga kirib, uy egasiga yashash joyini saranjom tutish kerakligini aytadi.

Nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga imtihonda qo‘shimcha vaqt beriladi

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida qo‘shimcha vaqt ajratiladi. Ularga belgilangan vaqt me’yorining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha vaqt beriladi hamda Brayl alifbosi, audio va elektron formatdagi materiallardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Yangi tartib nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun oliy ta’limga kirish imtihonlarida qo‘llanadi.

Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun «oilabay» ishlash tizimi joriy etiladi

2026-yil 1-sentabrdan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish bo‘yicha «oilabay» ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident qarorida belgilangan.

Yangi tartibga ko‘ra, ijtimoiy xodim ota-onaga bolani ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb qilishda yordam beradi.

Shuningdek, bolaning ushbu xizmatlardan foydalanayotgani doimiy kuzatib boriladi. Zarurat bo‘lsa, bola boshqa ijtimoiy yordam va xizmatlarga ham yo‘naltiriladi.

Endi har yili «Imkoniyatlar olimpiadasi» tanlovi o‘tkaziladi

O‘zbekistonda har yili «Imkoniyatlar olimpiadasi» tanlovi tashkil etiladi. Adliya vazirligiga ko‘ra, tanlov g‘olib va sovrindorlariga BHMning 15 baravaridan (6,2 mln so‘mdan) 30 baravarigacha (12,4 mln so‘mdan) bir martalik pul mukofoti beriladi.

Har yili «O‘sish va rivojlanish» tanlovi ham o‘tkaziladi. Ushbu tanlov g‘oliblariga BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha grant ajratiladi. Shuningdek, ularning loyihalarini barqaror rivojlantirish uchun ko‘ngilli maslahatchi-mentorlar orqali maslahat va hamrohlik xizmatlari ko‘rsatiladi.

Markaziy bank soxta litsenziya haqida ogohlantirdi

Foto: depositphotos

Markaziy bank internetda uning nomidan tayyorlangan soxta litsenziya tarqatilayotganini ma’lum qildi. Hujjatda ko‘rsatilgan «Oltin Oy Kredit» aksiyadorlik-tijorat banki mavjud emas va unga Markaziy bank tomonidan hech qanday litsenziya berilmagan.

Regulyator ushbu tashkilotga hech qanday litsenziya berilmaganini ma’lum qildi.

«Izza» bozoridagi yong‘inda 400 kvadrat metr maydon zarar ko‘rdi

«Izza» bozoridagi yong‘inda 400 kvadrat metr maydon zarar ko‘rdi
Foto: Videodan olindi

Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan «Izza» bozorida 6-avgust kuni yong‘in sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q, biroq do‘konlarning 400 kvadrat metr qismi yonib ketgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in Zangiota tumani Tokzor mahallasidagi bozordagi do‘konlardan birida boshlangan. Hodisa haqida FVBga soat 12:29 da xabar kelib tushgan va voqea joyiga zudlik bilan yong‘in-qutqaruv ekipajlari yuborilgan.

O‘zbekistonliklar Rossiyadan voz kechmoqda: migrantlar soni kamaydi

Foto: m-kala.ru

2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga mehnat faoliyati uchun kirishlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,2 foizga qisqardi. Bu haqda «Vedomosti» Rossiya Chegara xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Statistikaga ko‘ra, pasayishga qaramay, Rossiyaga ishlash maqsadida eng ko‘p kirayotgan xorijliklar orasida O‘zbekiston fuqarolari yetakchilikni saqlab qolgan. Yanvar–iyun oylarida ular 1,17 million martadan ortiq ishlash maqsadida mamlakatga kirgan.

Nasldor qoramol uchun 2 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

Nasldor qoramol uchun 2 mln so‘mgacha subsidiya beriladi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda naslchilik xo‘jaliklariga urg‘ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun davlat budjetidan subsidiya ajratiladi. Bu prezidentning tegishli qarorida qayd etildi.

Yangi tartib 2026-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi va 2030-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi. Subsidiyalar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan ajratiladi.

Dollar oshdi: 10-avgust uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

Dollar oshdi: 10-avgust uchun valyutalar kursi e’lon qilindi
Foto: Depositphotos

10-avgust uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 36,46 so‘mga oshib, 11 952,10 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi.

Yevro kursida ham oshish kuzatildi. Yevropa valyutasi 30,12 so‘mga oshib, 13 779,58 so‘m bo‘ldi. Rossiya rubli pasaydi. Rubl kursi 0,98 so‘mga tushib, 145,21 so‘mni tashkil qildi.

Husanovning «Manchester Siti»dagi yangi maoshi ochiqlandi

Husanovning «Manchester Siti»dagi yangi maoshi ochiqlandi
Foto: Emaratalyoum.com

«Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanovning yillik daromadi bonuslar hisobga olinmagan holda 6–6,2 million yevroga yetgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda futbolchilarning shartnomalari va ish haqi bo‘yicha ma’lumotlarni yurituvchi «Capology» platformasi xabar berdi.

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi «Manchester Siti» bilan amaldagi kelishuvini uzaytirib, 2031-yilgacha mo‘ljallangan yangi shartnomaga imzo chekkan.

O‘t ichida qolgan Wildberries. Kompaniya O‘zbekistonga ko‘chadimi

Foto: Fulfilmentmoscow.ru

Rossiyaning eng yirik marketplace’laridan biri Wildberries obyektlariga ketma-ket uyushtirilgan dron hujumlari kompaniyaning logistika tizimiga jiddiy zarar yetkazdi. Shu fon’da ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya Rossiyadagi ayrim logistika quvvatlarini Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistonga ko‘chirishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Kursiv Uzbekistan ushbu ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun Wildberries kompaniyasining O‘zbekistondagi matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Shuningdek