Maosh 3 ming yevro: O‘zbekistonlik shifokorlar Yevropada ishlashi mumkin

O‘zbekistonlik shifokorlar, oliy ma’lumotli hamshiralar va tibbiyot og‘alari Chexiya hamda Slovakiyaning yirik tibbiyot muassasalarida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda.
Agentlik Slovakiyaning Penta Hospitals International kompaniyasi bilan hamkorlikda tibbiyot mutaxassislarini ro‘yxatga olishni boshlamoqda. Loyiha doirasida saralangan nomzodlar uchun til kurslari, turar joy va viza rasmiylashtirish jarayonida amaliy ko‘mak taqdim etiladi.
Kimlar dasturda qatnashishi mumkin
Dasturda rus tilida erkin muloqot qila oladigan, tibbiyot oliy ta’lim muassasasining hamshiralik yo‘nalishini so‘nggi ikki yil ichida tamomlagan hamshiralar va tibbiyot og‘alari, shuningdek, shifokorlar qatnashishi mumkin.
Saralangan nomzodlar Migratsiya agentligining «Intil» xalqaro markazida uch oylik tezlashtirilgan chex yoki slovak tili kurslarida tahsil oladi. Mashg‘ulotlarga Chexiya va Slovakiyadan malakali o‘qituvchilar jalb etilishi rejalashtirilgan.
Turar joy va o‘qish xarajatlari qoplanadi
Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, nomzodlarning til kurslarida o‘qishi va turar joy bilan bog‘liq xarajatlari agentlik tomonidan qoplanadi.
Bundan tashqari, viza hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonida ham nomzodlarga amaliy yordam ko‘rsatiladi.
O‘quv jarayonlari 2026-yil sentabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Viza rasmiylashtirish ishlari esa til kurslari bilan bir vaqtda olib boriladi.
Shifokorlarga 3 ming yevrodan maosh taklif qilinadi
Til kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan nomzodlar Chexiya va Slovakiyadagi tibbiyot muassasalarida ish boshlashi mumkin.
Shifokorlar uchun oylik ish haqi 3 ming yevrodan, hamshiralar va tibbiyot og‘alari uchun esa 2 ming yevrodan boshlanishi ma’lum qilingan.
Avvalroq «Kursiv» o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Chexiyada ishga joylashishi mumkinligi haqida yozgan edi.