Fond bozori: «O‘zbektelekom» va «Buxoroneftgazparmalash» aksiyalari bir haftada 70 foizdan ziyodga qimmatlashdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 31-iyuldan 7-avgustgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 6,48 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «Buxoroneftgazparmalash» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 75,77 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zbektelekom» (+73,91%) va «Turonbank» aksiyalarida (+51,92%) ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «BRB» aksiyalari 16,87 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «O‘ztransgaz» (-9,35%) va ««Ipoteka-bank» (-7,90%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Aloqabank», «Kapital sug‘urta», «SQB», «O‘zbekgeofizika» va «Uzbekinvest» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Bitimlar soni bo‘yicha «O‘zbektelekom» (5 042 ta), «Ipoteka-bank» (4 626 ta) va UzNIF (4 244 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa UzNIF (3,24 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «SQB» (2,82 mlrd so‘m) va «O‘zbektelekom» (2,51 mlrd so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 22 tasi haftani ijobiy, beshtasi o‘zgarishsiz va 11 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 128,02 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Toshkent» RFB rahbari ipoteka obligatsiyalari uy-joy va kapital bozorlarini qanday o‘zgartirishi haqida ma’lumot bergandi. 2026-yil 8-iyul kuni «Toshkent» Respublika fond birjasida O‘zbekiston tarixida ilk bor ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish bo‘yicha 40,56 mlrd so‘mlik bitim amalga oshirildi.