Lionel Messi otasining dafn marosimiga bordimi

Argentinalik futbolchi Lionel Messi va uning oilasi 9-avgust kuni otasi Xorxe Messini Argentinaning Rosario shahri yaqinidagi xususiy qabristonda so‘nggi yo‘lga kuzatdi. Bu haqda EFE nashri xabar berdi.
Messining oilasi Rosario shahriga yetib bordi
68 yoshida vafot etgan Xorxe Messining dafn marosimi tor doirada va kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida o‘tkazildi. Lionel Messi rafiqasi Antonela Rossuzzo va farzandlari bilan 8 avgust kuni AQShdan xususiy samolyotda Rosario shahriga yetib kelgan.
Marosim o‘tkazilgan El Prado qabristoni oilaga ko‘proq maxfiylik yaratish maqsadida tashrif buyuruvchilar uchun vaqtincha yopilgan.
Muxlislar Messiga dalda berdi
Messining otasi vafot etgani haqidagi xabar ortidan muxlislar ham futbolchiga o‘z ta’ziya va qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi. Ayrim muxlislar Rosario aeroporti va qabriston yaqiniga yig‘ilib, Messi uchun dalda so‘zlari yozilgan bannerlar qoldirgan. Ulardan birida «Kuchli bo‘l, Leo, biz seni yaxshi ko’ramiz» degan yozuv bo‘lgan.
Rosario shahri meri Pablo Javkin ham Messi oilasiga hamdardlik bildirib, mahalliy hukumat marosim xavfsizligini ta’minlash uchun oila ixtiyorida ekanini ma’lum qilgan.
Futbol olami Xorxe Messini xotirladi
Argentina futbol assotsiatsiyasi qaroriga ko‘ra, mamlakatdagi barcha professional va yoshlar ligalarining shu hafta oxiridagi uchrashuvlari Xorxe Messi xotirasiga bir daqiqalik sukut bilan boshlangan. Futbolchilar, murabbiylar shtabi va hakamlar ham uchrashuvlarda qora bog‘ich taqib maydonga tushgan.
Messi futbolga ilk qadamlarini otasi bilan tashlagan
Messi to‘rt yoshida futbol o‘ynashni boshlagan Rosario shahridagi Abanderado Grandoli klubi ham Xorxe Messini xotirladi. Klub o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida Messi, uning otasi va boshqa bolalar tushgan eski suratni e’lon qilib, Xorxe Messi klub tarixining bir qismi bo‘lganini ta’kidladi.
Klub Messi oilasiga hamdardlik bildirib, Jorge Messiga klub tarixidagi o‘rni uchun minnatdorlik bildirgan.
Avvalroq Xorxe Messi Argentinaning Rosario shahridagi shifoxonada uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 68 yoshida vafot etgani haqida xabar berilgandi.