O‘zbekistonda tog‘ va chegara hududlariga borish uchun ruxsat olish osonlashadi

O‘zbekistonda faol turizmni rivojlantirish doirasida tog‘li va chegaraoldi hududlarga tashrif buyurish tartibini yengillashtirish rejalashtirilmoqda. Tegishli qaror loyihasida turistlar uchun ruxsat olish jarayonini raqamlashtirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish hamda yangi turizm xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surilgan.
Ruxsatnomani onlayn olish imkoniyati yaratiladi
Loyihaga ko‘ra, mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar chegaraoldi hududlariga kirish uchun zarur maxsus ruxsatnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olishlari mumkin bo‘ladi. Mazkur xizmatni ikki oy ichida ishga tushirish va ruxsatnomani 10 kun muddatda rasmiylashtirish ko‘zda tutilgan.
Keyinchalik xizmatni milliy turizm yagona platformasiga integratsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Tog‘ yo‘llarida transportga alohida talablar qo‘yiladi
Chorvoq, Zomin va Qamchiq dovoni kabi tog‘li hududlarda avtobus hamda mikroavtobuslar qatnovi uchun maxsus tartib joriy etilishi kutilmoqda. Bu yo‘lovchilar xavfsizligini oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, faol turizm bilan shug‘ullanuvchilarni sug‘urtalash tizimini takomillashtirish bo‘yicha xorijiy tajriba o‘rganiladi.
Tog‘ gidlarini tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Faol turizm uchun professional yo‘riqchi va yo‘l boshlovchilarni tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ular uchun malaka oshirish va sertifikatlash tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
O‘quv dasturlari xalqaro alpinizm va tog‘ gidligi tashkilotlari, jumladan UIAA, UIMLA va IFMGA standartlari asosida ishlab chiqiladi.
Bunday kurslar Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Turizm uskunalarini olib kirish arzonlashadi
Faol turizm sohasida ishlaydigan tadbirkorlar uchun ham imtiyozlar berilishi mumkin. 2027-yil boshidan 2030-yilgacha ushbu yo‘nalishda foydalaniladigan ayrim transport vositalari, texnika va jihozlarni O‘zbekistonga olib kirishda bojxona boji undirilmasligi taklif etilgan.
Imtiyozli ro‘yxatga kvadratsikl, UTV, SSV va baggi, yo‘ltanlamas avtomobillar, avtokemperlar, gidrotsikllar, parashyut va paraplanlar, deltaplanlar, tog‘-alpinizm hamda suv turizmi uchun zarur uskunalar, portativ ratsiyalar va boshqa vositalar kiritilishi mumkin.
Bundan tashqari, foydalanilmayotgan ayrim aerodromlarni faol turizm obyektlariga aylantirish va ularni tadbirkorlar hamda turizm loyihalarini amalga oshirmoqchi bo‘lgan tashabbuskorlarga ijaraga berish ham taklif etilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda eski aerodromlar turizm uchun qayta ishga tushirilishi haqida yozgandi.