25 yildan so‘ng Qozog‘iston «qariyalar» mamlakatiga aylanishi mumkin

eʼlon qilindi
Mutaxassislar bunga umr davomiyligining oshishi va tug‘ilish darajasining pasayishi ta’sir qilishini aytmoqda
25 yildan so‘ng Qozog‘iston «qariyalar» mamlakatiga aylanadi
Foto: Pln-pskov

Qozog‘iston 25 yildan keyin demografik qarish bosqichiga kirishi mumkin. Yagona jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasi va BMT prognoziga ko‘ra, 2050-yilga borib mamlakat aholisining 18,8 foizi 60 yoshdan katta bo‘ladi, deya xabar berdi Kursiv Qozog‘iston.

2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Qozog‘iston aholisi 20,5 mln kishini tashkil etgan. Shundan 25 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lganlar 9,73 mln kishi yoki aholining 47,5 foiziga teng. 65 yoshdan katta fuqarolar esa 1,9 mln kishini, ya’ni 9,6 foizni tashkil qilgan. Prognozga ko‘ra, 2050-yilga borib Qozog‘iston aholisi 26,5 mln kishiga yetadi.

Keksalar ulushi oshadi

Mutaxassislar bunga umr davomiyligining oshishi va tug‘ilish darajasining pasayishi ta’sir qilishini aytmoqda.

Natijada kelajakda katta yoshdagi fuqarolar ulushi ortadi, mehnatga layoqatli aholi va pensionerlar o‘rtasidagi nisbat esa kamayadi.

Har beshinchi fuqaro 60 yoshdan katta bo‘lishi mumkin

BMT va pensiya jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, 2050-yilda 60 yoshdan katta qozog‘istonliklar aholining 18,8 foizini tashkil qiladi.

Bu deyarli har beshinchi fuqaro pensiya yoshiga yaqin yoki undan katta bo‘lishini anglatadi. Jamg‘arma buni xalqaro tasnif bo‘yicha demografik qarishning juda yuqori darajasi deb baholamoqda.

Ishlayotgan aholiga yuklama ortadi

2025-yilda Qozog‘istonda 65 yoshdan katta bir kishiga 4,95 nafar mehnatga layoqatli fuqaro to‘g‘ri kelmoqda.

2050-yilga borib bu ko‘rsatkich 3,42 nafargacha kamayishi kutilmoqda. Ya’ni har bir pensionerga to‘g‘ri keladigan ishlovchilar soni hozirgidan ancha kam bo‘ladi.

Pensiya tizimining ahamiyati oshadi

Yagona jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasi bunday sharoitda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimining roli kuchayishini ta’kidlamoqda.

Unga ko‘ra, kelajak pensiyasi xodim va ish beruvchi badallari hisobidan shakllanadi. Bu budjetga uzoq muddatli qo‘shimcha majburiyat yuklamasdan pensiya tizimining moliyaviy barqarorligini saqlashga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1-iyul holatida O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya miqdori 1 688 061 so‘mni tashkil etgan. Eng yuqori o‘rtacha ko‘rsatkich yoshga doir pensiyalarda qayd etilib, 1,7 mln so‘mga yaqinlashgan.

Shuningdek