O‘zbekistonda mahalliy antidron-interseptor yaratildi

eʼlon qilindi
Qurilma 450 km/soatgacha tezlikda harakatlanadi
O‘zbekistonda mahalliy antidron-interseptor yaratildi
Foto: Videodan olindi

O‘zbekistonda uchuvchisiz qurilmalarga qarshi mo‘ljallangan yangi Shunqor-8 deb nomlangan antidron tizimi ishlab chiqildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qurilma 450 km/soatgacha tezlikda harakatlanishi va 8 – 10 kilometr uzoqlikdagi nishonlarni yo‘q qilish imkoniyatiga ega.

Qurilma 45 foiz mahalliylashtirilgan

Loyiha Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi huzuridagi Innovatsion texnologiyalar markazi muhandisi Biloliddin Ismoilov tomonidan ishlab chiqilgan.

Mutaxassis ma’lumotiga ko‘ra, Shunqor-8ning 45 foizi mahalliy komponentlar asosida yaratilgan. Qurilmaning asosiy afzalliklaridan biri uning nisbatan arzonligidir.

Bir dona antidronni ishlab chiqarish qiymati taxminan $20 – 50 mingni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, an’anaviy havo hujumidan mudofaa raketalarining narxi $2 – 5 mlngacha yetishi mumkin.

10 – 15 daqiqa parvoz qila oladi

Shunqor-8 havoda 10 – 15 daqiqagacha qolishi, 1 kilogrammgacha yukni olib yurishi va 450 km/soat tezlikka chiqishi mumkin.

Qurilma qanotli dronlarni, jumladan, Shahed va Geran turidagi hujumkor uchuvchisiz apparatlarni tutib qolishga mo‘ljallangan. U gorizontal va vertikal yo‘nalishda parvoz qila oladi.

Sinovlar bir necha poligonda o‘tkazilgan

Tizim Chirchiq, Aranchi va Kattaqo‘rg‘on poligonlarida sakkiz marta dala sinovlaridan o‘tkazilgani ma’lum qilindi.

Shunqor-8’ning ishlash prinsipi aniqlangan havo nishoniga qarab havoga ko‘tarilib, uni to‘qnashuv yoki maxsus zararlantirish vositasi yordamida ishdan chiqarishga asoslangan.

Loyiha 30-iyun kuni Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston prezidentiga ham taqdim etilgan. Taqdimot vaqtida davlat rahbari loyihani ijobiy baholab, tegishli tashkilotlarga unga buyurtma berish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergani aytilgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda eski aerodromlar turizm uchun qayta ishga tushirilishi haqida yozgandi.

Shuningdek