Nobank kredit tashkilotlari mijozlarning biometrik ma’lumotlarini O‘zbekistonda saqlaydi

Markaziy bank nobank kredit tashkilotlarining axborot xavfsizligiga qo‘yiladigan talablarni yangiladi. Yangi tartibga ko‘ra, mijozlarni aniqlashda ishlatiladigan biometrik ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi kerak.
Talablar yangi tashkilotlarga ham tegishli
O‘zgarishlar Markaziy bank tomonidan 22-iyulda kiritilgan bo‘lib, hujjat 5-avgust kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Yangi talablar 6-avgustdan kuchga kirdi.
Avvalgi tartib mikromoliya tashkilotlari, lombardlar va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlariga nisbatan amal qilgan. Endilikda unga kafolat berish va faktoring tashkilotlari ham qo‘shildi.
Mazkur tashkilotlarning barchasi yangi nizomda «nobank kredit tashkilotlari» sifatida ko‘rsatilgan.
Biometrik ma’lumotlar mamlakat ichida saqlanadi
Nizomga kiritilgan yangi bandga ko‘ra, nobank kredit tashkilotlari mijozlarni identifikatsiya qilish va autentifikatsiyadan o‘tkazishda foydalanadigan jismoniy shaxslarning biometrik ma’lumotlarini O‘zbekiston hududida saqlashi shart.
Biroq mijozga tegishli biometrik bo‘lmagan boshqa shaxsiy ma’lumotlarni qonunchilikda belgilangan talablarga rioya qilgan holda O‘zbekistondan tashqarida saqlash va ularga ishlov berishga ruxsat beriladi.
Xodimlarning javobgarligi ham belgilandi
Yangilangan hujjatda axborot xavfsizligiga oid ayrim atamalar ham amaldagi qonunchilikka moslashtirildi. Jumladan, «maxfiy» so‘zi «konfidensial» atamasi bilan almashtirildi.
Nobank kredit tashkilotlari xodimlariga ish faoliyati davomida ma’lum bo‘ladigan konfidensial va shaxsga doir ma’lumotlarni sir saqlash majburiyati tushuntirilishi kerak. Bunday ma’lumotlarni muhofaza qilish bo‘yicha talablarni buzganlik uchun xodimlarning javobgarligi ham nazarda tutilgan.
«Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, jismoniy shaxslarning biometrik va genetik ma’lumotlari O‘zbekiston hududida saqlanishi majburiy bo‘lgan ma’lumotlar qatoriga kiradi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Markaziy bank biometrik ma’lumotlarni faqat O‘zbekistonda saqlashni majburiy qilgani haqida yozgandi.