Kolumbiyadagi zilzilada 111 kishi halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
Yer silkinishi Kolumbiyaning yirik shaharlarida ham sezilgan
Kolumbiyadagi zilzilada 111 kishi halok bo‘ldi
Foto: Reuters

Kolumbiya g‘arbida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 111 kishiga yetdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotgani sabab qurbonlar soni yana oshishi mumkin. Ko‘plab odamlar vayronalar ostida qolgan.

7,4 magnitudali zilzila 10-avgust, dushanba kuni erta tongda sodir bo‘ldi. AQSh Geologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i Choko departamentidagi San-Xose-del-Palmar yaqinida, taxminan 107 kilometr chuqurlikda joylashgan.

Eng ko‘p qurbon Risaralda hududida qayd etildi

Yer silkinishi Kolumbiyaning yirik shaharlarida ham sezildi. Bir qator aholi punktlarida turarjoy va boshqa binolar vayron bo‘lgan yoki jiddiy shikastlangan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p qurbonlar mamlakatning qahva yetishtiriladigan hududida joylashgan Risaralda departamentida qayd etilgan.

Kolumbiyaning eng yirik shaharlaridan biri Kali shahrida ham jiddiy vayronagarchilik kuzatilgan. Mahalliy aholi qutqaruvchilarga vayronalarni tozalash va odamlarni izlashda yordam bermoqda.

Mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi

Kolumbiya prezidenti Abelardo de la Espriella zilziladan so‘ng favqulodda holat e’lon qildi. U hukumat barcha mavjud kuch va vositalarni jabrlangan hududlarga safarbar qilganini ma’lum qildi. Prezidentga ko‘ra, hozirgi asosiy vazifa vayronalar ostida qolgan odamlarni qutqarishdir.

Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarga gumanitar yordam yuborilmoqda, qidiruv-qutqaruv xizmatlari faoliyati markazlashgan holda muvofiqlashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Andijon viloyatida 3 balli zilzila qayd etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek