
Samsung kompaniyasining hali taqdim etilmagan Samsung Galaxy A18 4G smartfoni Geekbench ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ldi. Bu haqda Sammobile xabar berdi.
Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, yangi model MediaTek Helio G99 protsessorida ishlashi mumkin. Bu chip avvalgi Galaxy A17 4G modelida ham qo‘llangan. Shu sabab Galaxy A18 4G unumdorlik borasida oldingi avlodga nisbatan sezilarli o‘sish bermasligi kutilmoqda.
Galaxy A18 4G Geekbench’da sinovdan o‘tdi
Geekbench 6 bazasida SM-A185G model raqamiga ega Samsung smartfoni qayd etilgan. Kompaniyaning model raqamlarini belgilash tizimiga qaraganda, ushbu qurilma Galaxy A18 4G bo‘lishi mumkin.

Ma’lumotlarda smartfon MT6789 indeksli MediaTek chipiga ega ekani ko‘rsatilgan. Bu MediaTek Helio G99 platformasiga mos keladi.
Galaxy A18 4G Geekbench’ning bir yadroli sinovida 745 ball, ko‘p yadroli sinovida esa 2 073 ball qayd etgan.
4 GB tezkor xotira va Android 17 kutilmoqda
Sinovdan o‘tgan qurilma 4 GB tezkor xotira bilan jihozlangan. Shuningdek, unda Android 17 operatsion tizimi va Samsung’ning One UI 9.0 interfeysi ishlayotgani ko‘rsatilgan.
Samsung’ning so‘nggi budjet smartfonlari uchun uzoq muddatli dasturiy ta’minot siyosati hisobga olinsa, Galaxy A18 ham oltitagacha yirik Android yangilanishini olishi mumkin. Bunday holatda qurilma Android 23 gacha yangilanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Biroq bu qo‘llab-quvvatlash muddati hozircha Samsung tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
5G versiyasi Snapdragon chipi bilan chiqishi mumkin
Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy A18’ning 5G versiyasi Qualcomm Snapdragon protsessoriga ega bo‘lishi mumkin.
Smartfonlar oilasining 2026-yil oktabr oyida taqdim etilishi kutilmoqda. Galaxy A18 old kamerasi uchun U shaklidagi kesmaga ega ekran va orqa panelda uchta kamerali tizim bilan chiqishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 va Vivo X300 E taqqoslangani haqida yozgan edi.