O‘zbekiston gilos eksporti bo‘yicha dunyoda 6-o‘rinni egalladi

O‘zbekiston 2024-yil yakunlariga ko‘ra, yangi uzilgan gilos eksporti hajmi bo‘yicha dunyoda 6-o‘rinni egalladi. BMTning Comtrade xalqaro savdo ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, mamlakat o‘sha yili 32,2 ming tonna gilosni xorijga yetkazib bergan. Eksport qiymati $70,4 mln ni tashkil etgan.
2026-yilda ham gilos eksporti davom etmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston 11 ta davlatga jami 23,3 ming tonna gilos eksport qilgan. Yetkazib berilgan mahsulotlar qiymati $57,9 mln ga yetgan.
2021-yilda eksport 60 ming tonnadan oshgan
So‘nggi o‘n yillik ma’lumotlar O‘zbekistonda gilos eksporti hajmi yillar kesimida sezilarli o‘zgarib turganini ko‘rsatadi.
2016-yilda mamlakat 29,2 ming tonna gilos eksport qilgan bo‘lsa, 2017-yilda bu ko‘rsatkich 30,6 ming, 2018-yilda 33,8 ming tonnaga yetgan. 2019-yilda eksport 16,8 ming tonnagacha pasaygan, 2020-yilda esa yana 31,3 ming tonnaga ko‘tarilgan.
Eng yuqori ko‘rsatkich 2021-yilda qayd etilib, eksport hajmi 60,8 ming tonnani tashkil qilgan. 2022-yilda 25,4 ming tonna, 2023-yilda 45 ming tonna, 2024-yilda 32,2 ming tonna va 2025-yilda 31,7 ming tonna gilos xorijga yetkazib berilgan.
Chili dunyoda yetakchilik qilmoqda
BMT Comtrade ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda gilos eksporti hajmi bo‘yicha Chili katta farq bilan birinchi o‘rinni egallagan. Mamlakat 529,5 ming tonna yangi uzilgan gilos eksport qilgan.
Keyingi o‘rinlarda Gonkong 168,4 ming tonna, AQSH 84,2 ming tonna, Turkiya 66,5 ming tonna va Ispaniya 34,1 ming tonna bilan qayd etilgan.
O‘zbekiston esa 32,2 ming tonnalik eksport bilan oltinchi o‘ringa joylashgan. Undan keyingi o‘rinlarni Gretsiya — 28 ming tonna, Ozarbayjon — 25,8 ming tonna, Avstriya — 18,1 ming tonna va Moldova — 10,1 ming tonna bilan egallagan.
2026-yilning olti oyida eksport $57,9 mln ga yetdi
Joriy yilning dastlabki olti oyida eksport qilingan 23,3 ming tonna gilosning umumiy qiymati $57,9 mln ni tashkil etdi.
O‘zbekiston gilos yetishtirish va uni tashqi bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha dunyodagi yirik eksportchilardan biri bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq «Kursiv» mobil internet abonentlari 10 yilda 4,3 barobar oshgani haqida yozgan edi.