Vengriya parlamenti Andrash Bakani prezident etib sayladi

eʼlon qilindi
Mamlakatdagi eng yirik muxolif partiya – «Fides» esa prezident saylovini qonuniy deb hisoblamasligini bildigan
Vengriya parlamenti Andrash Bakani prezident etib sayladi
Foto: Facebook

Vengriya parlamenti mamlakat Oliy sudining sobiq raisi, 73 yoshli Andrash Bakani prezident etib sayladi. Uning nomzodi prezidentlik uchun ko‘rsatilgan yagona nomzod bo‘lib, hukmron «Tisa» partiyasi tomonidan ilgari surilgan. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Mamlakatdagi eng yirik muxolif partiya – «Fides» esa prezident saylovini qonuniy deb hisoblamasligini bildirdi. Partiya avvalgi prezident Tamash Shuyokni davlat rahbari sifatida tan olishda davom etishini ma’lum qilgan.

Yangi prezident siyosiy xilma-xillikni himoya qilishga chaqirdi

Saylovdan so‘ng Andrash Baka mamlakatdagi siyosiy va institutsional muammolarga bag‘ishlangan ilk nutqini so‘zladi. Uning ta’kidlashicha, respublika prezidenti jamiyatdagi siyosiy xilma-xillikni ifodalashi, qarama-qarshi fikrlarni erkin bildirish huquqini kafolatlashi hamda kelishmovchiliklarning kuch ishlatish orqali hal etilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Baka avvalgi davrda parlamentni chetlab o‘tgan holda farmonlar orqali boshqarish amaliyoti shakllanganini, davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasidagi tiyib turish va muvozanat tizimi zaiflashganini qayd etdi. Uning fikricha, bunday holat kelajakda takrorlanmasligi lozim.

«Prezident barcha muammolarni bevosita hal qilish vakolatiga ega emas. Biroq uning vazifasi yordamga muhtoj guruhlarning manfaatlarini imkon qadar keng ifodalash va ularning ovozini yetkazishdan iborat», – dedi Andrash Baka.

Prezident lavozimi Shuyok iste’fosidan keyin bo‘shagan edi

Vengriya parlament respublikasi hisoblanadi va mamlakat prezidenti asosan vakillik hamda marosim vazifalarini bajaradi.

Prezident lavozimi mamlakatning yangi bosh vaziri Peter Madyar avvalgi hukumat rahbari Viktor Orban davrida prezident etib saylangan Tamash Shuyokning iste’fosiga erishganidan keyin bo‘sh qolgan edi.

Avvalroq Madyar prezidentlikka shaxmat tarixidagi eng muvaffaqiyatli ayol grossmeysterlardan biri Yudit Polgar nomzodini ilgari surgan. Biroq Polgar bu taklifni qabul qilmagan. Shundan so‘ng hukmron «Tisa» partiyasi Andrash Baka nomzodini ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Vengriya bosh vaziri grossmeysterni prezidentlikka taklif qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek