Kapitalbank ko‘rish qobiliyati zaif mijozlar uchun bankomatlarda ovozli yo‘riqnoma xizmatini ishga tushirdi

Kapitalbank O‘zbekistonda birinchi bo‘lib ko‘rish qobiliyati zaif mijozlar uchun bankomatlar tarmog‘ida ovozli yo‘riqnoma xizmatini joriy etdi. Endilikda ular ovozli ko‘rsatmalar yordamida asosiy moliyaviy amaliyotlarni mustaqil ravishda bajarishlari mumkin.
Mazkur loyiha bankning qulay va inklyuziv moliyaviy muhitni rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirildi. Yechim xalqaro standartlar va me’yoriy talablarga ham to‘liq mos keladi. Jumladan, PCI DSS va EMVCo standartlari karta egalarining ma’lumotlari hamda karta amaliyotlarining xavfsizligini ta’minlaydi, ISO 9564 va ISO 9241-171 standartlari esa PIN-kodlar himoyasi hamda interfeyslarning qulayligi va foydalanish imkoniyatlarini kafolatlaydi.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri shundaki, uni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishning barcha bosqichlarida ko‘rish qobiliyati zaif bo‘lgan insonlarning o‘zlari faol ishtirok etdi. Ularning tajribasi, tavsiyalari va fikr-mulohazalari ovozli yo‘riqnomani ishlab chiqishda asos bo‘lib xizmat qildi. Natijada tizim foydalanuvchilar uchun yanada tushunarli, qulay va xavfsiz bo‘ldi.
Mazkur xizmatni joriy etish imkoniyati bankomatlar tarmog‘ini yangilash jarayonidayoq ko‘zda tutilgan edi. Kapitalbank uskunalarni tanlashda boshidanoq inklyuzivlik bo‘yicha xalqaro talablarga javob beradigan qurilmalarga ustuvor ahamiyat qaratgan. Bankomatlarning tuzilishi va ergonomikasi qulay muhit yaratish sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlarning, jumladan, ADA va CEN standartlari tavsiyalariga mos keladi. Bundan tashqari, Kapitalbank bankomatlarning dasturiy ta’minotini takomillashtirib, ularning vazifalarini ko‘rish qobiliyati zaif insonlar mustaqil foydalanishi uchun to‘liq moslashtirdi.
Xizmatdan foydalanish uchun 3,5 mm (Mini Jack) standartli audio ulagichiga ega simli quloqchin talab etiladi.

Xizmat qanday ishlaydi
- Ulanish. Mijoz bankomatning old paneli o‘ng tomonida joylashgan va maxsus belgi bilan ko‘rsatilgan audio ulagichga simli quloqchinni ulaydi.
- Faollashtirish. Quloqchin ulangach, bankomat avtomatik ravishda ovozli yo‘riqnoma rejimiga o‘tadi va keyingi ko‘rsatmalarni ovozli tarzda taqdim etadi.
- Yakunlash. Kerakli amaliyotlar tugallangach, quloqchinni uzish kifoya – ovozli rejim avtomatik ravishda o‘chadi.
«Moliyaviy xizmatlardan foydalanish har bir mijozimiz uchun birdek qulay bo‘lishi va teng imkoniyatlarni taqdim etishi kerak. Shu sababli, bankomatlar tarmog‘imizni yangilashda biz boshidanoq xalqaro inklyuzivlik standartlariga muvofiq sertifikatlangan uskunalarni tanlaganmiz. Ovozli yo‘riqnoma shunchaki texnologik yangilik emas, balki ko‘rish qobiliyati zaif mijozlarimizning moliyaviy xizmatlardan mustaqil, xavfsiz va ishonch bilan, boshqalar yordamiga muhtoj bo‘lmagan holda foydalanishiga xizmat qiluvchi muhim qadamdir», – dedi «Kapitalbank» ATB Kuzatuv Kengashi Raisining maslahatchisi Oksana Lindina.
Ovozli yordamchi mijozga avtorizatsiyadan tortib amaliyot yakunigacha bo‘lgan bankomatdan foydalanishning barcha bosqichlarida ko‘maklashadi. Quloqchin ulash imkoniyati bilan ishlaydigan ovozli yo‘riqnoma quyidagi amaliyotlarni bajarishda yordam bo‘ladi:
- kartadan naqd pul yechish;
- kartani to‘ldirish;
- hisobdagi qoldiqni tekshirish;
- valyuta ayirboshlash amaliyotlari;
- jismoniy shaxslarning kreditlarini so‘ndirish;
- yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlarini so‘ndirish;
- karta hisobini kartasiz to‘ldirish;
- mobil aloqa xizmatlari uchun to‘lovni amalga oshirish.

Bugungi kunda Kapitalbank’ning 300 dan ortiq bankomatlari ovozli yo‘riqnoma funksiyasi bilan ta’minlangan bo‘lib, koʻrish qobiliyati zaif mijozlar tomonidan mustaqil foydalanish uchun to‘liq moslashtirilgan. Bunday bankomatlar ro‘yxati bilan bankning rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.
Kapitalbank zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish orqali inklyuziv moliyaviy muhitni izchil rivojlantirmoqda. Bu esa bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini O‘zbekistonning barcha aholisi uchun birdek qulay, xavfsiz va teng bo‘lishini ta’minlaydi.