O‘zbekistondan 29 trln so‘mlik mablag‘ chiqib ketishining oldi olindi

O‘zbekistonda 2026-yilning olti oyida 29 trln so‘m mablag‘ning noqonuniy ravishda xorijga olib chiqib ketilishining oldi olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligida yilning ikkinchi choragi yakunlari muhokama qilingan Hay’at yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Kiberjinoyatlarga qarshi kurash kuchaytirildi
IIV ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil vazirlik tizimida «Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yili» deb e’lon qilingan. Markaziy bank bilan hamkorlikda maxsus tizim yo‘lga qo‘yilishi natijasida noqonuniy moliyaviy operatsiyalarni aniqlash va to‘xtatish imkoniyatlari kengaytirilgan.
Natijada 29 trln so‘mning noqonuniy ravishda chetga chiqib ketishining oldi olingan, shuningdek, jinoyatlarga aloqadorligi aniqlangan 18 838 ta bank kartasi bloklangan.
Hisobot davrida jami 9 282 ta kiberjinoyat fosh etilgan. Shundan 4 011 tasi tashabbus asosida aniqlangan.
Fuqarolarga 120 mlrd so‘mdan ortiq zarar qaytarilgan
Kiberjinoyatlar oqibatida zarar ko‘rgan fuqarolarga jami 120 mlrd 496 mln so‘mdan ziyod moddiy zarar qaytarilgan.
Shuningdek, kiberxavfsizlik bo‘yicha profilaktik tadbirlar mamlakat bo‘ylab 23 mln nafardan ortiq aholini qamrab olgan.
1,3 trln so‘mlik zarar qoplandi
Umumiy jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida esa fuqarolarga yetkazilgan 1 trln 365 mlrd so‘mlik moddiy zarar qoplab berilgan. Hisobot davrida qidiruvda bo‘lgan 5 010 nafar shaxs qo‘lga olingan, bedarak yo‘qolgan 2 616 nafar fuqaro aniqlanib, oilalariga qaytarilgan.
Shuningdek, 2026-yilning olti oyida mamlakatda 125 387 ta siyosiy, madaniy, sport va boshqa ommaviy tadbir o‘tkazilib, ularda 70 mln nafardan ortiq fuqaroning xavfsizligi ta’minlangan.
476 ta mahalla «qizil» toifada qolmoqda
IIV ma’lumotiga ko‘ra, hisobot davrida 5 778 ta mahallada jinoyat sodir etilishining oldi olingan. Biroq 476 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani yig‘ilishda keskin tanqid qilingan. Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 87 foizi fosh etilgani, jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi esa 31,4 foizga yaxshilangani qayd etilgan.
10 nafar rahbar lavozimidan ozod etiladi
Yig‘ilish yakunida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 6 nafar shahar va tuman IIB boshlig‘i, 2 nafar ularning o‘rinbosari hamda 2 nafar viloyat IIB mas’ul rahbarini lavozimidan ozod etish bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Bundan tashqari, 7 nafar rahbarga intizomiy jazo berish, yana 3 nafar rahbarning lavozimida qolish-qolmasligini ko‘rib chiqish belgilangan.
Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kiberjinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan ikkita qonun loyihasini ma’qullab, Senatga yuborgani haqida xabar berilgandi.