Neft-gaz bozorida narxlarni sun’iy oshirishga qarshi nazorat kuchaytiriladi

eʼlon qilindi
Narxlar barqarorligi nazoratga olinadi
Neft-gaz bozorida narxlarni sun’iy oshirishga qarshi nazorat kuchaytiriladi
Foto: prezident matbuot xizmati

Resurslarni asossiz ushlab turish, sun’iy taqchillik yaratish va narxlarni oshirishga qaratilgan holatlarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatiladi. Shavkat Mirziyoyev neft-gaz bozorida barqarorlikni ta’minlash hamda iqtisodiyot tarmoqlari va aholini uglevodorod resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Narxlar barqarorligi nazoratga olinadi

Yig‘ilishda ichki bozorda neft mahsulotlari va gaz narxlarining asossiz oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Bozorda yetarli miqdorda mahsulot bo‘lishini ta’minlash, mahsulotlarni birja savdolariga talabdan kelib chiqib chiqarish hamda ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini kamaytirish vazifalari belgilandi.

Shuningdek, resurslarni asossiz ravishda ushlab turish, sun’iy taqchillik yuzaga keltirish va buning hisobiga narxlarni oshirishga urinishlarning oldini olish uchun ta’sirchan nazorat o‘rnatish topshirildi.

Mutasaddilar ichki bozordagi talab va taklifni har kuni tahlil qilib, ta’minot bilan bog‘liq xavflarni oldindan aniqlashi kerak bo‘ladi.

Avgustda 27 ta yangi quduq ishga tushiriladi

Taqdimotda tabiiy gaz va neft qazib chiqarish, import, qayta ishlash, zaxiralash hamda iste’molchilarga yetkazib berish holati ham ko‘rib chiqildi.

«O‘zbekneftgaz»ga tabiiy gaz qazib chiqarish sur’atlarini barqaror saqlash, mavjud konlardan samarali foydalanish va yangi quduqlarni o‘z vaqtida ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Avgust oyida 27 ta quduqni ishga tushirish rejalashtirilgan. «Yangi Kultak», «Niyoz», «Qoratau», «Marvarid» va «Tegirmon» konlaridagi ishlar hisobiga qo‘shimcha 887 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.

Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish oshiriladi

Prezident «O‘zbekneftgaz»ga neft va gaz qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish vazifasini qo‘ydi. Bundan tashqari, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yil yakuniga qadar rejalashtirilgan 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish topshirildi.

Uglevodorod resurslarini hududlarga o‘z vaqtida va yetarli hajmda yetkazib berish, zarur zaxiralarni oldindan shakllantirish hamda ishlab chiqaruvchi, tashuvchi va sotuvchi korxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish zarurligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq geosiyosiy vaziyat sabab O‘zbekistonda aviakerosinga talab 27 foizga oshishi haqida xabar berilgandi. Joriy yilning birinchi yarmida «O‘zbekneftgaz» tomonidan 11,5 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarildi. Shu davrda neft, dizel yonilg‘isi, aviakerosin va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lgan.

Shuningdek