Vagonga mingan odam kasal bo‘lib qolyapti — hokim poyezdlardagi sharoitlarni tanqid qildi

eʼlon qilindi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov
«Vagonga mingan odam kasal bo‘lib qolyapti» — hokim poyezdlardagi sharoitlarni tanqid qildi
Ekran tasviri

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududdagi poyezdlar va temiryo‘l vokzallaridagi sharoitlarni keskin tanqid qildi. U Toshkent hamda Sariosiyo yo‘nalishida qatnovchi poyezdlarni bir hafta ichida tartibga keltirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Surxondaryo viloyati hokimi obodonlashtirish ishlarini o‘rganish davomida transport tizimidagi muammolarga ham to‘xtaldi.

U, xususan, viloyatdan Toshkentga hamda Sariosiyo yo‘nalishida qatnovchi poyezdlardagi sharoitlar yo‘lovchilar talabiga javob bermayotganini ta’kidladi.

«Na sovitish tizimi ishlaydi, na sharoit bor»

Qosimovning aytishicha, ayrim poyezdlarda sovitish tizimi ishlamaydi, vagonlarda yo‘lovchilar uchun zarur sharoitlar yaratilmagan.

«Temiryo‘lda umuman sharoit yo‘q. Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti. Na sovitish tizimi ishlaydi, na sharoit bor. Na bilet bor, na vokzalda sharoit bor», — dedi viloyat hokimi.

U Termizdan Sariosiyo tomon qatnovchi shahar atrofi poyezdlaridagi sharoitlarni ham tanqid qilib, bunday vagonlarda yo‘lovchi tashish qiyinligini qayd etdi.

Hokim transport sohasi uchun mas’ul idoralar faoliyatiga ham e’tiroz bildirib, yo‘lovchilarga pulli xizmat ko‘rsatilayotgan ekan, buning evaziga munosib sharoit yaratilishi kerakligini ta’kidladi.

Poyezdlarni bir hafta ichida tartibga keltirish topshirildi

Qosimov Toshkentga va Sariosiyoga qatnovchi poyezdlarni bir hafta ichida to‘liq ko‘zdan kechirish, vagonlarni zarur jihozlar bilan ta’minlash hamda yo‘lovchilar uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.

U kelgusi dushanba kuni vokzalga borib, vagonlar va Toshkentga qatnovchi poyezd tarkibini shaxsan tekshirishini bildirdi.

Shuningdek, Sariosiyo aeroporti va hududlardagi temiryo‘l vokzallarining kutish zallari, sanitariya sharoitlari hamda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati ham tartibga keltirilishi kerakligi aytildi.

Chiptalar savdosi ham tekshiriladi

Viloyat hokimi poyezd va aviachiptalar bilan bog‘liq muammolarga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim yo‘nalishlarda chipta topish qiyinlashgan va narxlar oshgan.

Qosimov chiptalar savdosini tahlil qilish, ularni aholiga shaffof tarzda taklif etish hamda sun’iy to‘siqlar va asossiz ustamalarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ jazirama sabab poyezd vagonlarida sovutish tizimi sustlashishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Shuningdek