Oʻzbekistonda 4 ming yil oldin ham ipakchilik mavjud boʻlgani aniqlandi

eʼlon qilindi
Surxondaryoda ipakchilik qariyb 4 ming yil avval mavjud bo‘lganini ko‘rsatuvchi moddiy dalillar topildi
Foto: Dunyo axborot agentligi

Surxondaryo viloyati hududida qariyb 4 ming yil avval ipakchilik bilan shug‘ullanilganini ko‘rsatuvchi moddiy dalillar topildi. Bu haqda «Dunyo» xabar berdi.

Sopollitepadan aniqlangan pillalar

Topilma qadimgi dehqonlar manzilgohi – Sopollitepadan aniqlangan uchta qadimiy pilla bo‘lagidan iborat. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti mutaxassislari xalqaro tadqiqotchilar bilan hamkorlikda ularni mikromorfologik va proteom tahlillaridan o‘tkazgan.

Tadqiqot natijasida pilla qoldiqlari xonakilashtirilgan tut ipak qurtiga tegishli ekani tasdiqlangan. Topilmaning yana bir muhim jihati shundaki, aynan shu madaniy qatlamdan tut daraxti qoldiqlari ham aniqlangan. Tut barglari ipak qurtining asosiy ozuqasi hisoblanadi.

Ipakchilik Bronza davrida ham bo’lgan

Radiouglerod tahlili topilmalarni miloddan avvalgi 1940–1765-yillarga taalluqli ekanini ko‘rsatgan. Bu esa Markaziy Osiyoda ipak ishlab chiqarish texnologiyasi bronza davridayoq mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Topilmaning eng qiziq jihati esa Buyuk ipak yo‘li tarixiga oid qarashlarni kengaytirishidadir. Buyuk ipak yo‘lining shakllangan davri sifatida odatda miloddan avvalgi II asr ko‘rsatiladi. Biroq yangi dalillar ipak va uni ishlab chiqarish bilan bog‘liq bilimlar Markaziy Osiyoda bundan qariyb ikki ming yil avval mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ya’ni Sopollitepadagi topilmalar Buyuk ipak yo‘lining tarixiy sanasini o‘zgartirmaydi. Ammo ular ipakchilik va u bilan bog‘liq bilimlar Buyuk ipak yo‘li paydo bo‘lishidan ancha oldin Markaziy Osiyoda mavjud bo‘lgan degan ehtimolni kuchaytiradi.

Avvalroq Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘ton yodgorligidan taxminan 4 ming yillik bola bosh suyagi topilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek