O‘zbekiston bozorida sukukning qanday turlari joriy etilmoqda

O‘zbekistonda sukuk – islom moliyasi tamoyillariga mos qimmatli qog‘ozlarni joriy etish taklif qilinmoqda. Hozircha sukuk bozori ishga tushgani yo‘q. Unga oid normalar «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasida nazarda tutilgan. Bu haqda 12 avgust kuni «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Kapital bozorini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Saulat Toreshov ma’lum qildi.

Sukuk o‘zi nima
Oddiy qilib aytganda, sukuk – islom moliyasi standartlariga mos keladigan qimmatli qog‘oz. Investor sukukni sotib olganda, shunchaki qarz berib, foiz olishga asoslangan modeldan foydalanilmaydi. Sukuk muayyan aktiv, loyiha, savdo yoki sheriklik faoliyati bilan bog‘lanadi.
Shu sababli yangi qonun loyihasida sukukning bir nechta asosiy turlarini huquqiy jihatdan tartibga solish taklif etilmoqda.
Sheriklik sukuki
Bu tur tijorat faoliyatini tashkil etish yoki rivojlantirishni moliyalashtirish uchun chiqariladi.
Bu modelda investorning mablag‘i originalator bilan birgalikdagi biznes faoliyatiga yo‘naltiriladi. Ya’ni investorning daromadi shunchaki belgilangan foizga emas, moliyalashtirilayotgan faoliyat natijasiga bog‘liq bo‘ladi.
Masalan, tadbirkorga yangi ishlab chiqarish korxonasini kengaytirish uchun mablag‘ kerak. U sukuk chiqaradi, investorlar esa mablag‘ kiritadi. Mablag‘ biznesni rivojlantirishga yo‘naltiriladi va investorlar kelishilgan tartibda loyiha natijasidan daromad olish imkoniga ega bo‘ladi, ya’ni sheriklik.
Ijara sukuti
Ijara sukuki moliya kompaniyasi tomonidan originalatorga keyinchalik ijara asosida beriladigan mol-mulkni sotib olishni moliyalashtirish uchun chiqariladi.
Masalan, kompaniyaga qimmat uskunalar kerak, ammo uni birdaniga sotib olish uchun katta mablag‘i yo‘q. Sukuk orqali mablag‘ jalb qilinadi, shu mablag‘ hisobidan uskuna sotib olinadi va keyinchalik kompaniyaga ijaraga beriladi.
Bu yerda investorning daromadi ijara munosabatlari bilan bog‘lanadi.
Savdo sukuti
Savdo sukuki originalatorga bo‘lib to‘lash sharti asosida sotiladigan mol-mulkni sotib olishni moliyalashtirish uchun chiqariladi.
Ya’ni mazkur modelda sukuk orqali jalb qilingan mablag‘ hisobidan muayyan mol-mulk yoki tovar sotib olinadi va u bo‘lib to‘lash sharti asosida sotiladi.
Shunday qilib, investorning mablag‘i real savdo operatsiyasi bilan bog‘lanadi.
Agentlik sukuki
Agentlik sukuki originalatorning aktivlarini sotib olish va keyinchalik ushbu aktivlarni agentlik shartnomasi asosida yana uning boshqaruviga berish faoliyatini moliyalashtirish uchun chiqariladi.
Bu modelda aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish uchun alohida mexanizm yaratiladi, originalator esa tegishli shartnoma asosida ushbu aktivlarni boshqarishda davom etadi.
Nega aynan sukukga e’tibor qaratilmoqda
Sukukning joriy etilishi O‘zbekiston kapital bozoriga yangi investorlar va yangi moliyalashtirish manbalarini olib kirishi mumkin. Ayniqsa, islom moliyasi tamoyillariga muvofiq investitsiya qilishni istaydigan investorlar uchun mahalliy bozorda yangi imkoniyat paydo bo‘ladi.

Qonun loyihasida faqat sukuk turlarini belgilash bilan cheklanilmay, ularni chiqarish va muomalaga kiritish mexanizmlarini ham huquqiy tartibga solish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, sukuk investorlarining huquqlarini himoya qilish uchun sukuk egalari vakili instituti joriy etilishi va qimmatli qog‘ozlarning islom moliyasi standartlariga muvofiqligini tasdiqlash mexanizmi yaratilishi taklif etilmoqda.
Yana bir muhim jihat – qonun loyihasida 2038 yilgacha sukuk qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha ayrim daromadlarga soliq imtiyozlari berish ham nazarda tutilgan.

Demak, gap faqat yangi qimmatli qog‘oz nomini qonunchilikka kiritish haqida emas. Taklif qilinayotgan mexanizm orqali O‘zbekistonda sheriklik, ijara, savdo va agentlik asosida ishlaydigan sukuk bozori uchun huquqiy poydevor yaratilishi kutilmoqda.
Avvalroq «Islomiy moliya va sukuk bozorlari: Fors ko‘rfazi kapitalini rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga yo‘naltirish» mavzusidagi panel sessiyasida so‘zga chiqqan SIF investitsiya fondi boshqaruvchi direktori Jan Cherim O‘zbekistonda islom moliyasi hali keng joriy etilmaganiga qaramay, islomiy bank xizmatlariga bo‘lgan talab yuqori darajada ekanini aytgandi.