
Honor kompaniyasining yangi Honor Robot Phone smartfoni haqidagi asosiy texnik ma’lumotlar sotuv boshlanishidan oldin oshkor bo‘ldi. Qurilma 6,3 dyuymli LTPO displey, Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori, 7060 mA/soat batareya hamda ikkita 200 MP kameraga ega bo‘ladi.
Ekran yorqinligi 6800 nitgacha yetadi
Honor Robot Phone 2640 × 1216 piksel aniqlikdagi 6,3 dyuymli LTPO displey bilan jihozlanishi kutilmoqda. Ekranning maksimal yorqinligi 6800 nitgacha yetadi.
Displeyga akslanishni kamaytiruvchi AR qoplama ham qo‘llaniladi. Bu kuchli yorug‘lik ostida tasvirni yaxshiroq ko‘rishga yordam beradi.
Smartfonning ishlashi Qualcomm’ning flagman Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessoriga asoslanadi. Bundan tashqari, qurilmada Honor’ning C1, E2 va H1 nomli maxsus chiplari ham qo‘llanilishi aytilmoqda.
7060 mA·soat batareya va 120 Vt quvvatlash
Qurilma 7060 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi. Smartfon 120 Vt simli tezkor quvvatlash hamda 50 Vt simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Bunday sig‘im Honor Robot Phone’ni ixchamroq flagmanlar orasida katta batareyaga ega modellardan biriga aylantirishi mumkin.
Ikkita 200 MP kamera o‘rnatiladi
Smartfonning asosiy kamerasi 200 MP aniqlikdagi 1/1,28 dyuymli sensor bilan jihozlanadi. U f/1.6 diafragma va 23 mm ekvivalent fokus masofasiga ega bo‘ladi.
Asosiy modulda gimbal turidagi tasvirni barqarorlashtirish tizimi ham qo‘llanilishi kutilmoqda.
Ikkinchi kamera ham 200 MP sensor oladi. Uning sensori 1/1,4 dyuymli bo‘lib, 2,7 karra optik yaqinlashtirish imkonini beruvchi periskop obyektiv bilan jihozlanadi.
Kamera tizimini 122 darajali ko‘rish burchagiga ega 50 MP ultra keng burchakli kamera to‘ldiradi.
1 TB gacha xotira taklif qilinadi
Honor Robot Phone ikki xil xotira konfiguratsiyasida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Birinchi versiya 12 GB tezkor va 512 GB doimiy xotira, yuqori variant esa 16 GB tezkor va 1 TB doimiy xotira oladi.
Smartfonning qalinligi 9,59 mm, vazni esa 248 grammni tashkil qiladi. Qurilma Star Track Silver va Moon Shadow Gray ranglarida taklif etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Honor 12 000 mA/soatli batareyaga ega smartfon tayyorlayotgani haqida yozgan edi.