Renovatsiyaga tushgan xonadon egasi koʻchada qolib ketmaydi — Shavkat Umurzakov

eʼlon qilindi
Yangi xonadon avvalgisidan kichik bo‘lmaydi
1991-yilgacha qurilgan barcha uylar buziladimi?
Foto: ChatGPT

Toshkentda renovatsiyaga tushgan uylar egalari yashash joyi yaqinidagi yangi qurilgan uylarga ko‘chiriladi. Ularga maydoni avvalgi xonadonidan kam bo‘lmagan, ayrim hollarda esa 20 foizgacha kattaroq uy beriladi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov Chilonzor tumanida o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida poytaxtdagi renovatsiya jarayonlari haqida ma’lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, renovatsiyaga tushgan xonadon egalari uy-joysiz qolmaydi. Fuqarolarga ular yashab kelgan hudud yaqinidagi yangi qurilgan uylardan xonadon ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi xonadon avvalgisidan kichik bo‘lmaydi

Shahar hokimi renovatsiya doirasida beriladigan yangi xonadonning maydoni fuqaroning amaldagi uyidan kam bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Renovatsiyaga tushgan xonadon egasi ko‘chada qolib ketmaydi. Uy egasiga shu uyning atrofida yangi qurilgan xonadon, yashayotgan uyi kvadratidan kam bo‘lmagan miqdorda, ayrim holatda 20 foizgacha ko‘p bo‘lgan holatda ko‘chirib olib borib beramiz», – dedi Umurzakov.

Shu tariqa ayrim holatlarda fuqarolarga avvalgi uyidan 20 foizgacha kattaroq maydonga ega yangi xonadon berilishi mumkin.

Chilonzordagi loyihalar ham ko‘rib chiqildi

Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida kommunal infratuzilma, xavfsizlik, obodonlashtirish, jamoat makonlari, tadbirkorlik, bandlik va ijtimoiy sohadagi loyihalar ham muhokama qilindi.

«Aqlli tuman» platformasi asosida ishlayotgan Vaziyatlar markazi, Al-Xorazmiy ko‘chasidagi 24/7 gastronomik hudud, Bog‘zor mahallasidagi kogeneratsiya podstansiyasi hamda Savdo akademiyasi faoliyati bilan tanishildi.

Kun yakunida mahalla faollari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, infratuzilma, ta’lim, tibbiyot, obodonlashtirish va aholi murojaatlari bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida uy-joy fondini yangilashga qaratilgan renovatsiya dasturining ilk bosqichi boshlangandi. Unga ko‘ra, dastlabki ishlar Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlaridagi tanlab olingan hududlarda olib borilmoqda.

Shuningdek